28–29 iyul kunlari O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vaziri Talantbek Soltoboyev Qirg‘iziston hududida qurilayotgan “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘lining asosiy ob’yektlariga tashrif buyurib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishadi.
“Kabar” axborot agentligi yozishicha, tashrif doirasida tomonlar Qirg‘iziston hududida tunnellar, ko‘priklar va boshqa infratuzilma ob’yektlarini qurish masalalarini ko‘rib chiqib, ishlarni bajarish sur’atlari va kelgusidagi vazifalarni muhokama qiladi.
Shuningdek, vazirlar qurilish ishlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan fikr almashadi.
Agentlik ta’kidlashicha, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘l loyihasi strategik ahamiyatga ega bo‘lib, uch davlat o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash, tranzit imkoniyatlarni kengaytirish va yangi xalqaro transport yo‘lagini yaratishga qaratilgandir.











