Surxondaryoda xizmat vazifasini bajarayotgan IIO xodimlariga tan jarohati yetkazgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 9-avgust kuni Angor tumanida 39 yoshli fuqaro T.U. Damas mashinasini boshqarib kelib, xizmat olib borayotgan YPX xodimlarini ko‘rgach, harakat yo‘nalishini o‘zgartirgan hamda shubhali harakat sodir etgan. YPX xodimlari avtomashinani izidan kuzatib borgan. Haydovchi Ilg‘or mahallasidagi yashash uyining yaqinida mashinadan tushib, qochishga harakat qilgan. Shunda xodimlar uni to‘xtatib, og‘zidan spirtli ichimlik hidi kelib turgani sababli tibbiy ko‘rikka olib bormoqchi bo‘lgan.

Hodisa joyiga haydovchining turmush o‘rtog‘i N.N., ukalari T.O. va T.Z. hamda qo‘shnisi M.M. yetib kelgan. Ular xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatib, ikki nafar YPX xodimga tan jarohati yetkazgan.

YPX xodimlarining xabariga ko‘ra, voqea joyiga Angor tumani prokuraturasi va IIB tezkor-tergov guruhi vakillari yetib borgan.

Voqea o‘rganilib, fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati IIB tomonidan YPX xodimlarining ham harakati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani, yakuni bo‘yicha to‘liq ma’lumot berilishi bildirilgan.