Ukraina dronlari 10-avgust tongida Nijnekamsk shahriga hujum qildi. Tatariston rahbari Rustam Minnixanov hujum oqibatida 13 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan va respublikada motam e’lon qilgan.
Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, jami 75 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, shundan 21 kishi shifoxonaga yotqizilgan.
Mahalliy nashrlarda qurbonlar orasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ham borligi haqida aytilgandi.
Ko‘p o‘tmay O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi qurbonlardan 7 nafari o‘zbekistonliklar ekanini ma’lum qildi.
Bosh konsulxona halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, vafot etganlarning jasadlarini sud-tibbiy ekspertiza va zarur rasmiy jarayonlar yakunlanganidan so‘ng vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilishini ma’lum qilgan.
Hozirda jabrlangan o‘nlab kishilar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham borligi bo‘yicha ma’lumot berilmadi. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari aynan qayerda va qanday holatda halok bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.
OAVga ko‘ra, 10-avgust tongida Nijnekamsk shahridagi bir necha sanoat korxonalari hujumga uchragan. Xususan, Nijnekamskdagi neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqqani aks etgan kadrlar tarqalgan. Bundan tashqari, «Nijnekamskneftexim» neft-kimyo kompleksiga hujum qilingani haqida xabarlar ham bor, ushbu korxonani o‘z ichiga olgan sanoat zonasida «Tatneft» (AO «TANEKO») neftni qayta ishlash zavodi hamda «TAIF-NK» neftni qayta ishlash kompleksi ham joylashgan.












