Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti inspektori 3 ming dollar pora bilan ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O.S. ismli bojxona inspektori fuqaro A.Z.dan respublika hududiga aylanma yo‘llar bilan olib kirilgan 10 dona iPhone telefonini boshqa fuqarolarning pasport ma’lumotlaridan foydalanib, ularning nomiga bojxona hujjatlarini rasmiylashtirib, IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazib berishi evaziga 3 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Tezkor tadbir Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi xodimlari tomonidan, Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.











