O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionatida eng yorqin o‘yin ko‘rsatgan futbolchilaridan biri 19 yoshli Behruz Karimov «Surxon»ni tark etib, Shveysariyaning «Lugano» klubi safiga qo‘shildi.
19 yoshli himoyachi 5 yillik shartnomani imzoladi. Uning shartlari e’lon qilinmadi.
Behruz Karimov 2007-yil 7-avgustda tug‘ilgan. Avvaliga Odil Junior akademiyasida ta’lim olgan, keyinroq Toshkentning «Olimpik» klubiga o‘tgan.
U 2025-yil fevralidan beri Termizning «Surxon» klubida to‘p tepib kelayotgan edi.
1908-yilda shu nomdagi shaharda asos solingan «Lugano» klubi Shveysariyaning eng uzoq tarixga ega klublaridan biri, uch karra mamlakat chempioni, to‘rt karra Shveysariya kubogi sohibi.
O‘tgan mavsumni klub ichki chempionatda 3-o‘rin bilan yakunlab, UYeFA Konferensiyalar ligasida (Chempionlar ligasi va Yevropa ligasidan keyingi o‘rinda turuvchi musobaqa) ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.
Konferensiyalar ligasining ushbu mavsumida klub 3-saralash bosqichi dastlabki o‘yinida Farer orollarining «Runavik» klubini o‘z maydonida 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Javob o‘yini 13-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Agar «Lugano» bu to‘siqdan o‘tsa, guruh bosqichiga chiqish uchun «Makkabi T-A» (Isroil) va SSKA (Bolgariya) o‘yini g‘olibi bilan kuch sinashadi.







