Turkiya hukumati Qora dengizda tijorat kemalari harakatiga cheklov kiritdi, deb xabar berdi Bloomberg o‘z manbalariga tayanib.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror hududda Rossiya va Ukraina kemalariga hujumlar soni oshgani sababli Turkiya «hukumatining xavotiri kuchayib borayotgani» bilan bog‘liq.

Agentlikning ma’lumot berishicha, Turkiya sohil xavfsizligi bosh boshqarmasi Novorossiysk tomon suzib ketayotgan kemalarga ayni vaqtda tranzit ruxsatnomalari berilmayotganini bildirgan.

Bloomberg manbalariga ko‘ra, boshqarma shuningdek, Dardanell bo‘g‘ozi orqali o‘tish uchun beriladigan arizalarni ko‘rib chiqish vaqtini uzaytirgan.

O‘z navbatida, Turkiya tashqi ishlar vazirligi Rossiya va Ukrainani Qora dengizda xavfsizlikni ta’minlash uchun choralar ko‘rishga chaqirgan.