Toshkent shahrida to‘rtta avtobus yo‘nalishlari o‘zgartiriladi. Bu haqda Toshshahartransxizmat xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Kichik halqa yo‘lining Bunyodkor shohko‘chasi bilan kesishmasidan Arnasoy ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismi transport harakati uchun vaqtincha yopilishi sababli mazkur hudud orqali harakatlanuvchi avtobus yo‘nalishlari sxemasi quyidagicha o‘zgartiriladi:
18, 80-sonli yo‘nalishlar (shahar markazi tomon): Kichik halqa yo‘li ➔ Arnasoy ➔ Cho‘pon ota ko‘chalari orqali.
77, 103-sonli yo‘nalishlar (shahar markazi tomon): Kichik halqa yo‘li ➔ Bunyodkor ➔ Cho‘pon ota ko‘chalari orqali.
Qayd etilishicha, cheklovlar davomida ko‘chalarda tirbandliklar ortishi ehtimoli mavjud. Zaruratga qarab yo‘nalishlar harakatiga qo‘shimcha o‘zgarishlar kiritilishi ham mumkin.
Shuningdek, avtobuslarning qatnov va oraliq vaqti rejadagidan biroz uzoqroq davom etishi mumkinligi aytilmoqda.
Avvalroq qurilish-montaj ishlari olib borilishi sababli Kichik halqa avtomobil yo‘lining Bunyodkor shohko‘chasi bilan kesishmasidan Arnasoy ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismi transport harakati uchun 4 kunga yopilishi xabar qilingandi.











