«Toshshahartransxizmat» AJ ma’lum qilishicha, yo‘l-transport hodisasi 2-avgust kuni soat 08:10 atrofida Yunusobod tumanidagi Amir Temur shohko‘chasida, «Yulduz» bekati hududida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 17-yo‘nalishda harakatlanayotgan 2-avtobus saroyiga qarashli «Yutong» gaz rusumli avtobus haydovchisi ehtiyotsizligi oqibatida bekatda to‘xtab turgan, 85-yo‘nalishda harakatlanayotgan 18-avtobus saroyiga tegishli «Yutong» elektrobusining orqa qismiga kelib urilgan.
Hodisa oqibatida 17-yo‘nalish avtobusidagi bir nafar yo‘lovchi tan jarohati olgan. Avtobus haydovchisi jabrlanuvchini tez tibbiy yordam avtomobili orqali Toshkent davlat tibbiyot universiteti stomatologiya klinikasiga olib borgan. U yerda zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgach, uyiga javob berilgan.
YTH natijasida texnik shikastlangan har ikki avtobusni qayta yo‘nalishga chiqarish uchun ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur hodisa Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.











