Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev har bir mahallaning barcha zarur ma’lumotlarni o‘zida mujassamlashtirgan energetik pasporti shakllantirilishini ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, unda mahalladagi iste’molchilar soni va ularning toifalari, elektr energiyasi va tabiiy gaz infratuzilmasining mavjud holati, ularni ta’mirlash va modernizatsiya qilish uchun qancha mablag‘ va vaqt talab etilishi, yangi iste’molchilarni tarmoqqa ulash imkoniyatlari kabi barcha zarur ma’lumotlar aks ettiriladi.
Shuningdek, elektr va gaz ta’minoti korxonalari hamda iste’molchilar o‘rtasidagi muloqot yangi bosqichga olib chiqiladi.
Buning uchun zamonaviy onlayn platformalar ishga tushirilib, aholi va tadbirkorlarga zarur ma’lumotlarni mobil ilovalar orqali olish imkoniyati yaratiladi. Elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar haqida ham mobil ilovalar orqali tezkor ma’lumot berib boriladi. Shu bilan birga, koll-markazlar faoliyati yanada takomillashtiriladi.
Sherzod Xo‘jayevning bildirishicha, xodimlarga kunlik vazifalarni belgilash, ularning ijrosini nazorat qilish, hisobotlarni shakllantirish, mavjud xavflarni tahlil qilish, qaysi hududlarda uzilishlar ko‘p kuzatilayotganini aniqlash va kelgusida uzilish yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni oldindan prognoz qilish imkonini beruvchi tizimlar joriy etiladi.
Energiya resurslari tannarxini pasaytirishda raqobat muhitini kengaytirish va bozor mexanizmlarini jadal joriy etishga ham alohida ahamiyat beriladi.
Suyultirilgan gazning erkin bozorini shakllantirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Bunda tadbirkorlarning import qilib olib kirgan suyultirilgan gazini aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga sotish jarayonini soddalashtirish, ular uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bilan birga, xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish ta’minlanadi.











