Rossiya Bosh prokuraturasi 2005-yilda AQShda tashkil etilgan Human Righs Foundation (HRF) faoliyatini Rossiya hududida «noma’qbul» deb topdi.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, qaror qabul qilinishiga sabablardan biri fondning Tyranny Tracker nomli interaktiv loyihasi bo‘lgan. Ushbu xaritada davlatlarning demokratik qadriyatlarga sodiqlik darajasi baholanadi va unda Rossiya to‘liq avtoritar davlat sifatida belgilangan.

Shuningdek, Rossiya Bosh prokuraturasi HRF Rossiya Qurolli kuchlarini «obro‘sizlantiruvchi» axborotlarni tarqatayotgani hamda avvalroq Rossiyada «noma’qbul» deb topilgan boshqa tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlayotganini bildirgan.

Human Righs Foundation butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro notijorat tashkilot hisoblanadi.

2024-yildan buyon fondga rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya rahbarlik qilib kelmoqda. U mazkur lavozimda shaxmat bo‘yicha jahon chempioni va muxolifatchi siyosatchi Garri Kasparovning o‘rnini egallagan.