Toshkent shahrida yashovchi aka-uka kottej savdosi ortidan tovlamachilik qilgani aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1979-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs hamda uning 1988-yilda tug‘ilgan ukasi o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaro tomonidan Toshkent tumanida qurilgan kottej uyni 66 ming dollarga sotib olishga kelishgan.
Dastlab ular uy egasiga 30 ming dollar berib, qolgan 36 ming dollarni 6 oy muddat ichida berishlarini aytgan hamda 2022-yilning may oyida kottejni 1976-yilda tug‘ilgan o‘z akasi nomiga notarial tartibda rasmiylashtirib olishgan. Ammo keyinchalik aka-uka qolgan 36 ming dollarni bermasliklarini aytib, agarda pulni so‘rasa, fuqaroga nisbatan tazyiq o‘tkazish bilan qo‘rqitgan.
DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va poytaxt IIBB xodimlari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida aka-uka qo‘lga olinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Unda aybdor shaxslarga nisbatan 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.







