Moskva shahrida Rossiya Qurolli kuchlarining general-leytenanti Igor Yerusalimov bilan vidolashuv va dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ukrainalik OSINT-bloger Necro Mancer mahalliy mahalla chatlarida e’lon qilingan xabarlarga tayanib ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, vidolashuv marosimi Moskvaning Solnsevo tumanida o‘tkazilgan. Marosim bo‘lib o‘tgan manzil ochiq ma’lumotlar bazalarida 53 yoshli generalning yashash joyi sifatida qayd etilgan manzilga mos keladi. Dafn marosimi 5-avgust kuni ertalab o‘tkazilgan, ammo harbiyning qachon va qanday sharoitda vafot etgani rasman ma’lum qilinmagan.
Rossiyaning «Mediazona» nashri ham generalning o‘lim sanasini mustaqil ravishda aniqlay olmaganini yozgan.
Shu bilan birga, «VChK-OGPU» Telegram-kanali 5-avgust kuni Moskvadagi Troyekurovo qabristonida maxfiy tarzda nisbatan yosh generalning dafn marosimi bo‘lib o‘tganini xabar qildi. Kanal harbiyning ismini keltirmagan, biroq marosimda Rossiya Havo-kosmik kuchlari faxriy qorovuli ishtirok etgani va qabr yonida Quruqlik qo‘shinlari bayrog‘i o‘rnatilganini ma’lum qilgan.
Kanal mualliflari ushbu general 1-avgust kuni Moskva markazidagi Balzi Rossi restoranida yuz bergan portlash oqibatida halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Biroq bu ma’lumot rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
1-avgust kuni mazkur restoranda sodir bo‘lgan portlash natijasida rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lgan, yana 21 kishi turli darajada jarohat olgan. «Kommersant» gazetasi manbalariga tayanib yozishicha, xususiy tadbir davomida ayol olib kirgan quti ichida portlovchi moslama bo‘lgan.
Ayrim harbiy blogerlar va ukrain manbalari portlashning ehtimoliy nishoni Rossiya Havo-kosmik kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Chayko bo‘lganini ilgari surgan. Biroq Rossiya manbalari uning jabrlanmaganini bildirgan.
Rasmiy idoralar portlash qurbonlari va jabrlanganlarining shaxsini oshkor qilmagan. Shu bilan birga, «Agenstvo» nashri hodisa oqibatida Aleksandr Chaykoning kuyovi Daniil Peredriy halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Ayrim boshqa manbalar esa generalning qizi Mariya Chayko ham jarohat olgan bo‘lishi mumkinligini yozgan. Ammo bu ma’lumotlar ham hozircha mustaqil yoki rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.











