Husiylar hujumi

Payshanba kuni Yamandagi husiylarning Saudiya Arabistoni janubiga qilgan hujumi oqibatida 11 nafar tinch aholi vakili jarohat oldi. Bu haqda Saudiya boshchiligidagi harbiy koalitsiya matbuot kotibi general mayor Turki al-Malikiy ma’lum qildi.

Uning aytishicha, janubiy Najron provinsiyasidagi hujumda Saudiyaning yetti nafar, shuningdek, Yaman, Misr va Pokiston fuqarolari jarohatlangan. Jabrlanganlar orasida ikkinchi darajali kuyish jarohatini olgan 4 yoshli bola ham bor.

Malikiy husiylarni tinch aholi hududlarini tartibsiz o‘qqa tutishda aybladi va koalitsiya tinch aholini himoya qilish uchun choralarni ko‘rishini ta’kidladi.

Shuningdek, husiylar payshanba kuni Marib va Hadramaut provinsiyalarida o‘zlari Saudiya Arabistoni harbiy qismlari deb atagan joylarga hujum uyushtirib, Yaman hukumatining 30 dan ortiq askarini o‘ldirgan.

AQSh va Isroilning Eron bilan besh oydan beri davom etayotgan urushi Saudiya Arabistonining xavfsizlik borasidagi hisob-kitoblarini tobora murakkablashtirmoqda.

Chunki husiylarning harakatlari, masalan, Saudiya neft eksportini to‘xtatib qo‘ygan Qizil dengiz qamali - mintaqaviy xavflarni oshirib yubordi.

Saudiyalik amaldorning Reutersʼga aytishicha, razvedka xizmatlari - husiylar va Iroq qurolli guruhlari tez orada qirollikning energiya infratuzilmasi, portlar va aeroportlarga muvofiqlashtirilgan hujumlar uyushtirishi mumkinligini aniqlagan.

Shu bois Ar-Riyod asosiy ittifoqchilari bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga intilmoqda. Xususan, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston juma kuni podshohlikda mudofaa bo‘yicha kelishuv imzolashi kutilmoqda. Kelishuv tafsilotlari hozircha ma’lum qilinmagan. Amaldorning aytishicha, rejalashtirilgan hujumlar ushbu diplomatiyani yo‘qqa chiqarishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Trampdan migratsiyaga qarshi yangi farmonlar

Prezident Donald Tramp payshanba kuni AQShda tug‘ilish bo‘yicha fuqarolikni cheklovchi ikkita yangi farmonni imzoladi. Shu bilan birga u Oliy sudning fuqarolik bo‘yicha avvalgi qarorini «juda achinarli» deb atadi.

Ikki oy oldin Oliy sud Trampning avvalgi urinishlarini rad qilgandi.

Tug‘ilish bo‘yicha fuqarolik olish huquqi AQSh Konstitutsiyasining 14-tuzatishida mustahkamlangan. Qoida chet el diplomatlari yoki dushman kuchlari a’zolarining farzandlari kabi juda kamdan kam istisnolardan tashqari, AQShda tug‘ilgan chaqaloqlar uchun fuqarolikni kafolatlaydi.

Tramp imzolagan farmonlardan biri «xorijiy terroristik tashkilotlar» a’zolarining, shuningdek, «xorijiy hukumatlar nomidan lobbizm bilan shug‘ullanuvchi odamlar»ning farzandlariga tug‘ilish bo‘yicha fuqarolik berishni rad etadi.

Ikkinchi farmon Tramp «homiladorlik turizmi» deb atagan holatga qaratilgan. Bu ibora AQSh fuqaroligiga ega bo‘lishlari uchun mamlakat hududida farzand ko‘rish maqsadida viza olib, AQShga sayohat qiladiganlarga nisbatan ishlatiladi.

Rasmiyga ko‘ra, «ushbu amaliyot mazkur farmon imzolangan kundan e’tiboran taqiqlanadi». Trampni qo‘llaydigan Immigratsiyani o‘rganish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-2017 yillarda 20 mingdan 25 minggacha onalar shunday qilishgan.

Oq uyning ta’kidlashicha, yangi farmonlar Oliy sud hukmidagi cheklovlar doirasiga kirmaydi. Shunga qaramay, mazkur farmonlar yuzasidan ham sudga shikoyat qilinishi kutilmoqda.

Koreyada ekstremal issiq

Shu kunlarda Janubiy Koreyadagi jazirama issiq Seulda o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqishi kutilmoqda. Poytaxtda havo harorati 37-39 daraja Tselsiyga yetgan. Ushbu ekstremal ob-havo sharoiti oqibatida shu kungacha 20 dan ortiq odam halok bo‘lgani aytilmoqda.

Aslida 39-40 daraja issiq markaziy osiyoliklar uchun unchalik vahimali ko‘rinmasligi mumkin. Lekin yoz faslida Tinch okeanidan keladigan nam shamollar tufayli Koreya iqlimi xuddi «sauna» kabi juda dim bo‘lib qoladi.

«Biz ilgari hech qachon boshdan kechirmagan ko‘lamdagi jazirama issiq kundan kunga davom etmoqda. Bir paytlar faqatgina xorijiy yangiliklar xabarlarida ko‘rilgan jazirama sharoitlari endi bizning haqiqatimizga aylandi», dedi prezident Li Chjye Myon.

Li vazirliklar va mahalliy hokimiyat organlariga jazirama pasayguniga qadar barcha mavjud xodimlar va resurslarni safarbar etishni buyurdi.

Koreya Meteorologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim mahallalarda tungi harorat deyarli 30 darajadan pastga tushmagan. OAV esa daryolar bo‘yidan, savdo markazlari va konditsioner bilan jihozlangan boshqa joylardan panoh izlayotgan olomonni namoyish etdi.

Meteorologlarning fikricha, Janubiy Koreyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘dirmasligiga qaramay, «Delfin» tayfuni bu kabi kuydiruvchi havo sharoitlariga o‘z hissasini qo‘shayotgan bo‘lishi mumkin.

Ukraina armiyasidagi ko‘ngillilar

Hozirgi vaqtda Ukraina armiyasida dunyoning kamida 72 davlatidan kelgan 16 mingga yaqin xorijiy ko‘ngillilar jang qilmoqda. Ularning qariyb 40 foizini Lotin Amerikasi mamlakatlari fuqarolari tashkil qiladi. Bu haqda Ukraina harbiy ombudsmani Olga Reshetilova ma’lum qildi.

Harbiy ombudsman ofisi o‘z ishini boshlagan 2026-yil 27-yanvardan beri xorijiy ko‘ngillilar, ularning oila a’zolari va vakolatli shaxslaridan 300 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Rasmiyning ta’kidlashicha, murojaatlarning aksariyati moliyaviy va moddiy ta’minotga, xususan, qo‘shimcha haq va bir martalik pul yordamini to‘lashga taalluqli bo‘lgan.

Ombudsman ofisida xorijiy fuqarolar orasidagi harbiy xizmatchilarning «xizmatni boshlashi va o‘tashidan tortib, to bo‘shatish, vataniga qaytishgacha bo‘lgan» muammolari bilan shug‘ullanuvchi maxsus guruh tuzilgan.

Xalqaro tadqiqot guruhlariga ko‘ra, Rossiya armiyasida esa 44 mamlakatdan kelgan 20 mingdan ortiq askar jang qilmoqda. Ularning aksariyati Markaziy Osiyo, Hindiston va Afrika davlatlarining fuqarolari hisoblanadi.