Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyul oyida 1 kilogramm palov tayyorlashning eng yuqori shartli qiymati Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda palov uchun zarur mahsulotlar qiymati 128 ming 730 so‘mni tashkil qildi.

Hududlar kesimida keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati (125 ming 283 so‘m), Toshkent viloyati (122 ming 346 so‘m) va Samarqand viloyati (122 ming 320 so‘m) qayd etilgan.

Eng past qiymat esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilgan bo‘lib, u yerda bir kilogramm palov tayyorlash uchun 107 ming 396 so‘m talab etiladi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 113 ming 707 so‘m, Andijon viloyatida esa 116 ming 554 so‘mni tashkil etgan.

Hisob-kitoblar kungaboqar yog‘i, piyoz, mol go‘shti, sabzi, lazer guruchi, no‘xat, zira va osh tuzi kabi mahsulotlarning o‘rtacha narxlari asosida amalga oshirilgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ta’kidlashicha, mazkur hisob-kitoblar palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar qiymatini aks ettiradi. Ular hududlarda tayyor holda sotilayotgan bir kilogramm palovning bozor yoki umumiy ovqatlanish shoxobchalaridagi narxini anglatmaydi.