Chilonzor-Ts mavzesidagi Premium Chilonzor turar-joy kompleksi aholisi qariyb to‘rt yildan beri turli idoralarga murojaat qilib keladi, lekin natija yo‘q. Gap shundaki, sotuv bo‘limining mijozlarga va’dasi bo‘yicha, uylar qarshisidagi maydon avtoturargoh va bolalar maydonchasi bo‘lishi kerak edi, lekin amalda u yerda allaqanday bino qurilib ketdi. Qurilish bahsli bo‘lgani uchun, hozir bu joy chiqindixonaga aylanib yotibdi.

Odamlar ko‘chib kelib yashay boshlaganiga yillar o‘tgan, avtoturargoh, bog‘cha yoki bolalar o‘yingohi o‘rnida esa chiqindixona...

“Uyni sotib olishimizdan oldin bu yerda savdo do‘koni bo‘lardi. Uy olsanglar, shu yerda mashina qo‘yish uchun bepul avtoparking bo‘ladi, deyishgan. Lekin mana shuncha yil o‘tdi, hech qanaqa avtoturargoh bo‘lgani yo‘q. O‘rniga ofis binosi tushdi. 2022-yildan beri bu bino noto‘g‘ri qurilgan bino ekani haqida xat-hujjat qilib qo‘yilgan, lekin amalda o‘zgarish yo‘q”, – deydi murojaatchilardan biri.

Yer maydoni va qurilish ob’yekti vaqt o‘tishi bilan avval R.Sultonxo‘jayevga, so‘ngra D.Alimovga oldi-sotdi shartnomalari asosida o‘tgan. Yangi mulkdor davrida qurilish-montaj ishlari uzoq yillar davomida to‘xtab qolgan va quruvchi tomonidan tashlab qo‘yilgan.

Aholining tinimsiz murojaatlaridan so‘ng qurilish ishlari loyiha-smeta hujjatlariga mos kelmagani, shuningdek, belgilangan muddatlarda ijro hujjatlari taqdim etilmagani aniqlangan. Mazkur jarayonda qurilish ishlarini oxiriga yetkazmagan va berilgan ko‘rsatmalarni bajarmagan asosiy mas’ul shaxslar, dastlabki buyurtmachi M.Mirxo‘jayev hamda keyingi egalari R.Sultonxo‘jayev va D.Alimov hisoblanadi.

Shuningdek, vaziyatning ijrosi va qonuniyligini nazorat qilish yuzasidan Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, Toshkent shahar prokuraturasi, Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi hamda Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari mas’ul etib belgilangan. Ammo mas’ullar tomonidan bugun hech bir chora ko‘rilmayapti.

“Shu paytgacha biz Qurilish vazirligiga, prokuraturaga, Prezidentimiz devonxonalariga xatlar yozdik. Bu xatlarga faqat yumshoq javoblar kelyapti: “Shunaqa bo‘lib qolibdi-da, anaqa, mana bunaqa bo‘lib qolibdi” kabi quruq vajlar bilan kelishyapti. Bu qurilish joyida bugun chiqindilar, chayon, ilon, uysizlar yotibdi. Yuqoridagi vakillarimiz shu narsani to‘g‘ri hal qilib berishsin axir. Avtopark bo‘ladigan bo‘lsa avtopark, bo‘lmaydigan bo‘lsa, buni tagi bilan olib tashlab, shu yerda yashayotgan xalqqa berilsa, xalq bu yerni o‘zi chiroyli qiladi, o‘zi to‘g‘rilaydi”, – deydi murojaatchi.

Qurilish to‘xtagach, qariyb 4 yildan buyon chala yotgan 3 qavatli bino qarovsiz ahvolda qolgan. Hududda yashovchilarning aytishicha, bu joy allaqachon chiqindixonaga va shubhali kimsalarning yig‘in joyiga aylangan.

“Menda ham uchta farzandim borligi uchun xavotir olyapman. Nevaram bor. Ilon, chayonlar yuribdi deyishyapti, ko‘rganlar ham bor ekan. Har xil “bomjlar” kelib yotib yurgan ekan bu yerda. Voyaga yetmagan farzandlarimiz bor, xavotir olamiz. Bizga uy sotilayotganda bunaqa deb sotishmagan edi. Buni buzib tashlaymiz yoki parkovka qilib beramiz deyishgan edi. Mana, besh yil bo‘ldi kelganimizga, hanuz o‘zgarish yo‘q”, – deydi bolalaridan xavotir olayotgan ona.

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan qonunbuzarliklarni bartaraf etish, tasdiqlangan ijro hujjatlariga moslashtirish yoki demontaj qilish bo‘yicha ob’yekt egasiga 2024-yil davomida bir nechta rasmiy hujjatlar yuborilgan: 2024-yil 23-yanvarda 6-sonli ko‘rsatma, 2024-yil 23-mayda 5912-sonli va 5911-sonli chaqiruv xatlari, 2024-yil 1-iyulda 56-sonli yozma ko‘rsatma hamda 2024-yil 14-avgustda 14343-sonli chaqiruv xatlari shular jumlasidan.

Chilonzor tumani prokuraturasi (jumladan, tuman prokurori U.Xabiljonov) holat yuzasidan o‘rganishlar olib borib, berilgan yozma ko‘rsatmalar talablari belgilangan muddatda bajarilmagani, holat qat’iy nazoratga olingani va qo‘shimcha majburiy ijro etish choralari belgilanganini bildirgan. Berilgan ogohlantirishlar va yuborilgan xatlar to‘liq bajarilmagach, hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan oxirgi chora sifatida mas’ul shaxsga nisbatan qurilish ob’yektida demontaj ishlarini olib borish va qonuniy holatga keltirish yuzasidan sud organlariga da’vo arizalari kiritilgan. Ya’ni hozirgi kunda muammoni to‘laqonli hal etish uchun qonuniy tartibda sud orqali bino majburiy buzdirilishiga erishish choralari ko‘rilmoqda.

Fuqarolarning talabi qat’iy: 4 yildan beri xavf tug‘dirib yotgan qarovsiz binoga mas’ullar tezroq amaliy yechim topsin. Shundan so‘ng ular yer maydonini turar-joy egalari shirkatiga o‘tkazish orqali qonuniy tartibga solib, asl loyihadagi avtoturargohni o‘z kuchlari bilan barpo etishmoqchi.

“O‘zimizga qo‘yib berishsin. Prezident qarorlari asosida hamma joyni yashil maydonga, yashil makonga aylantirib, bundan ham chiroyli qilib o‘zimiz obod qilamiz. Faqat yerni bizga berishsin. Buning uchun hech kim ortiqcha xarajat qilmaydi”, – dedi aholi vakili.