Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Newport turar-joy majmuasi bilan bog‘liq holat yuzasidan izoh berdi.
Kecha, 4-avgust kuni Toshkent shahar prokuraturasi bu majmua qurilishi munosabati bilan uyi buzilgan vatandoshlarga kompensatsiya to‘lanmayotgani masalasini o‘rganib, ularning uyi o‘zboshimchalik bilan buzib tashlangani, qolaversa bu yerda bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli, bitta 12 qavatli va bitta 2 qavatli turar joylar noqonuniy qurilganini ma’lum qilgan va holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi holatga tegishli idoralar tomonidan yetarli e’tibor qaratilmagani haqida fikrlar bildirilmoqda. 5-avgust kuni Qurilish va uy-joy sohasida nazorat inspeksiyasi bu fikrlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Inspeksiyaning ma’lum qilishicha, “Mega Logistics Service” MChJga tegishli hududda jami 9 ta blokda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Shundan 3 ta blok bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining ijobiy xulosasi hamda tegishli ijobiy ekspertiza xulosalari mavjud bo‘lib, ushbu hujjatlar asosida mazkur bloklarda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun Toshkent shahar hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Qolgan 6 ta blokda esa qurilish-montaj ishlari Inspeksiyadan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan olib borilayotgani nazorat tadbirlari davomida aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan buyurtmachi – Mega Logistics Service'ga bir necha marta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan. Ularda qurilish-montaj ishlarini belgilangan shaharsozlik hujjatlari asosida hamda ob’yektni Inspeksiyadan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazgan holda amalga oshirish talab etilgan.
Biroq yozma ko‘rsatmalarda belgilangan talablar bajarilmagani sababli buyurtmachining mas’ul mansabdor shaxslari belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, buyurtmachining texnik nazoratchisiga nisbatan tegishli taqdimnoma kiritilib, ta’sir choralari qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, mazkur holatlar bo‘yicha Inspeksiya tomonidan to‘plangan hujjatlar tegishli huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
“Ta’kidlash lozimki, mazkur ob’yektda aniqlangan qonunbuzilish holatlari Inspeksiya tomonidan e’tiborsiz qoldirilmagan. Aksincha, ular yuzasidan belgilangan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, vakolat doirasida tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan hamda qonunbuzilishlarga huquqiy baho berilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan”, – deyiladi inspeksiyasi bayonotida.











