Gurjistonda 5-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:15 atrofida ommaviy elektr ta’minotida uzilish yuz berdi. Gurjiston Birinchi kanali ma’lumotiga ko‘ra, Tbilisi shahri hamda mamlakatning aksariyat hududlari elektr energiyasiz qolgan.
Elektr ta’minotidagi uzilish oqibatida Gurjiston temiryo‘llari poyezdlari harakati vaqtincha to‘xtatildi.
Guvohlarning ma’lum qilishicha, Tbilisida do‘konlar, restoranlar va metroda elektr o‘chgan. Shundan so‘ng ko‘plab kafe va savdo shoxobchalari ishni davom ettirish uchun generatorlardan foydalanishga o‘tgan.
Tbilisi Life Telegram-kanali Gurjiston Energetika va suv ta’minotini tartibga solish milliy komissiyasi a’zosi Georgiy Panganiga tayanib xabar berishicha, hodisa Inguri GES agregatlarida o‘tkazilayotgan rejali sinovlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sinovlardan maqsad 24–25-iyul kunlari kuzatilgan avariyalardan keyin energetika tizimidagi zaif nuqtalarni aniqlash va baholashdan iborat bo‘lgan. Ayni paytda yuz bergan nosozlikning aniq sabablarini aniqlash bo‘yicha batafsil tahlil olib borilmoqda.
Bu Gurjistonda so‘nggi ikki hafta ichida qayd etilgan uchinchi yirik blekaut hisoblanadi. Avvalroq, 25-iyul kuni Tbilisida metro harakati to‘xtab, suv ta’minoti va internet xizmatlarida ham uzilishlar kuzatilgan edi. 24-iyul kuni esa Tbilisi bilan bir qatorda Batumi, Kutaisi, Telavi, Borjomi, Bakuriani va Zugdidi shaharlari ham elektr ta’minotisiz qolgan.











