Ukraina harbiy razvedkasi Rossiyaning g‘arbiy hududlarida Shimoliy Koreya (KXDR) raketa bo‘linmasi yaqin vaqtda joylashtirilishi mumkinligi haqida ma’lum qildi. Reuters agentligi ushbu ma’lumotni Ukraina harbiy razvedkasi vakili Andrey Chernyakka tayanib tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 90 nafar shimoliy koreyalik harbiydan iborat bo‘linma allaqachon Rossiya tomon yo‘l olgan. U 120 ta ballistik raketa va oltita raketa uchirish qurilmasi bilan ta’minlanishi mumkin. Bo‘linmaning ehtimoliy joylashuv hududi sifatida Rossiyaning Voronej viloyati tilga olinmoqda.
AQShning Filadelfiya shahridagi Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti harbiy tahlilchisi Rob Lining Reuters agentligiga bildirishicha, KXDR raketalari Ukraina uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Uning fikricha, ayniqsa qish mavsumida Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirishi mumkinligi va Ukraina havo mudofaa tizimidagi raketa tanqisligi xavotir uyg‘otmoqda.
5-avgustga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan amalga oshirilgan ommaviy raketa va dron hujumi vaqtida Ukraina havo kuchlari ballistik va kemalarga qarshi raketalarning birortasini ham yo‘q qila olmaganini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning bildirishicha, ushbu hujum natijasida 17 kishi halok bo‘lgan, yana 44 kishi turli darajada jarohat olgan.
Zelenskiy bundan avval ham Ukraina qurolli kuchlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketa zaxirasi yetishmayotganini ta’kidlab, Kiyevning xalqaro hamkorlarini ushbu kamomadni yangi yetkazib berishlar orqali qoplashga chaqirgan edi.
Reuters ta’kidlashicha, Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi harbiy hamkorlik Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan keyin sezilarli darajada faollashgan. 2024-yilda ikki davlat o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga millionlab artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib bergan, shimoliy koreyalik harbiylar esa Rossiya armiyasi tomonida janglarda qatnashgan.
Ukraina manbalariga ko‘ra, hozirda Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Kursk viloyatida 9,5 ming nafarga yaqin KXDR harbiysi joylashgan. Shuningdek, o‘tgan hafta Dnepropetrovsk viloyatidagi Radushnoye qishlog‘iga shimoliy koreyaliklar ishlab chiqargan raketa zarbasi oqibatida olti kishi halok bo‘lgani ma’lum qilingan.
Yaqinda Rossiyaga tashrif buyurgan KXDR tashqi ishlar vaziri Tsoy Son Xi esa Pxenyan Moskvaga har tomonlama yordam ko‘rsatishda davom etishini bildirgan.











