Prezidentning PF–140-sonli farmoniga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab “O‘zsuvta’minot” AJ foydalanishiga topshiriladigan barcha ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari “Dasturlarning amalga oshirilishini monitoring qilish va manzilli ro‘yxatlarni kelishishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi” elektron platformasida aks ettiriladi.

Hujjatga muvofiq, “O‘zsuvta’minot” AJ hamda uning tizim korxonalari o‘rtasida shartnomaviy munosabatlarni samarali tashkil etish maqsadida tor ixtisoslik bo‘yicha malaka oshirish, o‘qitish va ekspluatatsiya ishlariga oid shartnomalar to‘g‘ridan to‘g‘ri tuziladi.

Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasidagi yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz va grant mablag‘larini oldindan xarid, retroaktiv va boshqa moliyalashtirish mexanizmlari orqali jalb qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

2027 yil 1 yanvardan e’tiboran markazlashgan ichimlik suvi ta’minotini tashkil etish iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki maqsadga muvofiq bo‘lmagan hududlarda aholiga xizmat ko‘rsatish alohida yondashuv asosida amalga oshiriladi. Bunda maxsus texnikalar orqali suv yetkazib berish va suv tarqatish shoxobchalarini tashkil etish kabi usullar qo‘llaniladi.

Farmon bilan yana bir muhim yangilik sifatida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkazildi. Bu tarif siyosatini yanada takomillashtirish va sohada yagona yondashuvni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.