Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) ma’lumotiga ko‘ra, Durovga nisbatan «terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish» moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Idoraning ta’kidlashicha, Telegram ma’muriyati ukrain maxsus xizmatlari, terrorchilik va ekstremistik tashkilotlar tomonidan diversiya, teraktlar va kiberfiribgarlikni muvofiqlashtirishda qo‘llanilayotgan kanallar, chatlar va botlarni o‘chirish haqidagi talablarni bajarmagan.
Rossiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, FXX materiallarida 2022 yildan buyon Telegram orqali sodir etilgan deb baholangan 153 mingdan ortiq jinoyat qayd etilgan. Ular qatoriga «Krokus Siti Xoll»dagi terakt, Darya Dugina va harbiy muxbir Vladlen Tatarskiyning o‘ldirilishi, bir qator yuqori martabali harbiylarga qarshi hujumlar, shuningdek harbiy komissariatlarga qilingan portlatish va o‘t qo‘yish holatlari kiritilgan.
Roskomnadzor Telegram rahbariyatiga taqiqlangan kontentni o‘chirish bo‘yicha 150 mingdan ortiq talabnoma yuborilganini, biroq ular javobsiz qolganini bildirgan. Shu bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil boshidan buyon Telegram Rossiyada taqiqlangan materiallarni o‘chirmagani uchun 100 million rubldan ortiq jarimaga tortilgan.
Ayni paytda Pavel Durov Fransiyada ham tergov ostida qolmoqda. Fransuz tergovchilari uni messenjyerda kontentni yetarlicha nazorat qilmaganlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishdan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, bu holat Telegram orqali bolalar pornografiyasi tarqatilishi, giyohvand moddalar savdosi va firibgarlik kabi jinoyatlarga qarshi kurashni qiyinlashtirgan. Iyul oyi boshida Durov Parijda ushbu ish doirasida olti soatdan ortiq so‘roq qilingani xabar qilingan.











