Ijtimoiy tarmoqlarda davlat idorasi mas’uli va fuqaro o‘rtasidagi tortishuv aks etgan video tarqaldi. Tasvirlarda mansabdor uni videoga olayotgan fuqaroga qo‘pol muomala qilib, tahdidli so‘zlar aytayotganini ko‘rish mumkin.

«San man bilan o‘ynadingmi? Ikki marta videoga ol, k..ingni yalpaytirmasam, ko‘rasan san. San man bilan o‘ynading-a, davlat bilan?! To‘xta, sani oyog‘imning tagiga olaman! U zamoning o‘tib ketdi, o‘n marta videoga ol», - deydi amaldor.

Ma’lum bo‘lishicha, videodagi mansabdor O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Koson tumani bo‘limi boshlig‘i Ubaydulla Ochilov bo‘lgan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, holat 2026 yil 28 iyul kuni Ochilov fuqarodan ko‘chaga to‘kilgan qumni olib tashlashni talab qilgan vaqtda sodir bo‘lgan. Tomonlar o‘rtasida tortishuv kelib chiqqach, bo‘lim boshlig‘i qo‘pol muomalaga o‘tib, fuqaroni haqoratlagan va unga tahdid qilgan.

Holat yuzasidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi rasmiy munosabat bildirdi. Uyushma Ochilovning videoda aks etgan muomalasi va so‘zlashuv uslubi davlat xizmatchisi odob-axloq me’yorlariga mutlaqo zid ekanini ta’kidlab, bunday xatti-harakatlarni qat’iyan qoraladi.

«Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun ishchi guruh tuzildi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha xodimning xatti-harakatlariga qonunchilik doirasida huquqiy baho beriladi hamda tegishli choralar ko‘riladi», - deyiladi rasmiy munosabatda.