O‘zbekiston prezidenti ichimlik suvi ta’minoti tizimiga oid yangi farmonni imzoladi.
24 iyul kuni imzolangan farmonga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan:
markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki o‘zini oqlamaydigan hududlarda xizmat ko‘rsatish alohida yondashuv asosida (maxsus texnikalarda suv yetkazib berish, shoxobchalarni tashkil etish va shu kabilar) amalga oshiriladi;
ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi (amalda bu vakolat hududiy hokimliklarga tegishli).
2027 yil 1 apreldan boshlab ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun byudjyet tashkilotlariga respublika bo‘yicha bir xil tariflar belgilanadi.
Ichimlik suvi ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonlari bo‘yicha alohida hisob-kitob yuritilishi yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbar va o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga ichimlik suvini tejash va hududiy suv ta’minoti korxonalariga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatganlik mezonlari kiritiladi;
hududiy suv ta’minoti korxonalariga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.
Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasidagi yangi loyihalarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XMI/XHMT) qarz va grant mablag‘lari oldindan xarid, retroaktiv va shu kabi boshqa moliyalashtirish usulini tanlagan holda jalb qilinadi.











