Kun.uzʼga ma’lum qilinishicha, 27 iyul kuni Rossiya poytaxti Moskva shahridagi qurilish maydonlaridan biriga kuchishlatar organlarning xodimlari kelib, o‘z ishini davom ettirayotgan migrantlarni tahqirlagan. Tahririyat bilan gaplashgan yurtdoshimizning aytishicha, ular hududga kelib, dastlab barcha muhojir ishchilarni bir joyga yig‘gan. Ularning aksariyati o‘zbek, qirg‘iz va tojiklar bo‘lgan. Migrantlardan hech qanday hujjat so‘ralmasdan, cho‘kkalab yurishga majburlangan.
So‘ngra ularning hujjatlari tekshirilgan. Biroq cho‘kkalab yurdirilganlarning hamma hujjati joyida edi, hech qanday sababsiz shunday buyruq berishdi. Taxminimizcha, ular Rossiya federal migratsiya xizmati xodimlari edi, deydi Kun.uzʼga murojaat qilgan shaxs.
Uning qo‘shimcha qilishicha, voqea kunduzi, ishchilar o‘z ishini odatiy davom ettirayotgan bir onda, soat 10:00-17:00 oralig‘ida ro‘y bergan. Ishchilarning hozir hamma hujjati joyida bo‘lib, tahqirlanganidan norozi. Lekin ularni himoya qiluvchi biror organ yo‘q.
Bu ruscha masxara qilishdan boshqa narsa emas, bizning biror aybimiz yo‘q edi-ku, deydi yurtdoshimiz ularga nisbatan munosabatdan noroziligini bildirarkan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Rossiya huquq-tartibot tuzilmalari Moskva va Sankt-Peterburgda reydlar o‘tkazib, migrantlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan. Shuningdek, ular haqoratlangan, ularga nisbatan kuch ishlatilgan.
Shundan so‘ng O‘zbekiston TIV Rossiya TIVga nota yo‘llagandi. Bunga javoban esa Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova Moskva Toshkentning notasidagi ma’lumotlarni diqqat bilan ko‘rib chiqayotgani, o‘zbekistonlik hamkorlarning tegishli so‘rovi vakolatli organlarga yuborilishini ma’lum qilgan.











