Toshkentda 100 km uzunlikda ikki qavatli pulli halqa avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha Xitoyning “China Railway Construction” kompaniyasi bilan 1 mlrd dollarlik bitim imzolangan.
Bu haqda poytaxt hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev shahar kengashiga bergan hisobotida aytib o‘tdi.
Hisobotda keltirilishicha, Toshkent shahrida yo‘l infratuzilmasi loyihalari bo‘yicha Xitoy kompaniyalari bilan quyidagicha kelishuvlar imzolangan:
China Construction – 500 mln dollarlik 3 ta yo‘l o‘tkazgich, 4 ta kemping maskanini barpo etish va 27 km yo‘llarni kapital ta’mirlash;
SINO-Hunan – 1 mlrd dollarlik 7 ta tunnel, 5 ta yo‘l o‘tkazgich, 16 ta ko‘chada 57 km BRT yo‘laklari va 279 km yo‘llarni qurish;
China Railway Construction – 1 mlrd dollarlik 100 kilometrli 2 qavatli Toshkent halqa pullik avtomobil yo‘lini barpo etish;
Shanghai Construction – 100 mln dollarlik 1 ta kemping markazini barpo etish va 7,7 km yo‘llarni ta’mirlash;
Xinjiang Hui’er Agricultural – yo‘lbo‘yi hududlarini landshaft dizayni asosida ko‘kalamzorlashtirish.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida Intellektual transport tizimini joriy etish bo‘yicha Germaniya mutaxassislari ishtirokida texnik topshiriq ishlab chiqilgan.
Tizimni ishlab chiqishda, adaptiv svetofor va sun’iy intellekt asosida transport tahlili yo‘nalishida tajribaga ega 12 ta (shu jumladan, SWARCO – Avstriya, Siemens Mobility – Germaniya, Cubic Transportation Systems – AQSh, Huawei – Xitoy) kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
Toshkent shahrining Transport master rejasi va makromodelini ishlab chiqish maqsadida AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Rossiya, Shvetsiya va Fransiya davlatlarining 90 dan ortiq kompaniyalari ishtirokida tanlov o‘tkazilgan. Natijada, g‘olib deb topilgan “Step city” kompaniyasiga 2026 yil sentyabr oyi yakuniga qadar shaharning transport master rejasi va makromodelini ishlab chiqishni yakuniga yetkazish topshirilgan.











