“Bugun Pusan shahrida o‘tkazilayotgan YuNeSKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida mamlakatimiz uchun juda muhim voqea ro‘y berdi.

Toshkentning modernizm me’morchiligi ob’yektlari ushbu tashkilotning nufuzli Xalqaro ro‘yxatiga rasman kiritildi. Ta’kidlash joizki, so‘nggi 25 yilda O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan milliy nominatsiya ilk bor shunday yuksak maqomga sazovor bo‘ldi”, deb yozdi u o‘z Telegram-kanalida.

Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, bu faqatgina bir nechta binoning emas, zilziladan keyingi Toshkentning qayta bunyod etilishi bilan bog‘liq butun bir davrning e’tirofidir.

«O‘sha yillari poytaxtimiz zamonaviy arxitektura, Markaziy Osiyo an’analari va o‘ziga xos iqlim xususiyatlarini mujassam etgan butkul yangi va betakror qiyofa kasb etgan.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi navbatdagi g‘alabasi – boy me’moriy merosimizni asrab-avaylash, kelajak avlodga bezavol yetkazish yo‘lidagi yana bir muhim qadam xayrli va bardavom bo‘lsin!”, deya tilak bildirgan Prezident Administratsiyasi rahbari.

Nominatsiyadan «Jyemchug» turarjoy binosi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Xalqlar do‘stligi saroyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Davlat tsirki, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zali, Alisher Navoiy nomidagi kinoteatr, «Chorsu» bozori, «Kosmonavtlar» metro stansiyasi va Katta quyosh pechi («Quyosh» geliokompleksi) o‘rin olgan.