Sirskiy o‘rniga Drapatiy

Ukrainada harbiy rahbariyat o‘zgardi. Kiyev va boshqa yirik shaharlarda Zelenskiy Mixaylo Fyodorovni mudofaa vaziri lavozimidan ozod qilgani ortidan namoyishlar boshlanib ketib, odamlar VSU bosh qo‘mondoni Sirskiy iste’fosini talab qilgan va Zelenskiy albatta reaksiya bo‘lishini aytgandi. Shunday bo‘ldi ham. Urush boshida Kiyev mudofaasi uchun mas’ul bo‘lgan, keyinchalik Valeriy Zalujniy o‘rniga bosh qo‘mondon bo‘lgan Oleksandr Sirskiy ishdan olindi. Uning o‘rniga general mayor Mixaylo Drapatiy yangi qo‘mondon bo‘ldi. 43 yoshli general urush davrida VSUning uchinchi qo‘mondoniga aylandi.

Sirskiy ukrainlar tanqidiga uchrayotgandi, lekin Zelenskiy uni hurmat-izzat bilan kuzatdi. Bu aslida jamoatchilik talabi bilan amalga oshgan iste’fo bo‘lsa-da, hukumat uni shunchaki armiyaga yangi qon kerakligi uchun qilingandek ko‘rsatdi. Drapatiy harbiylar orasida katta obro‘ga ega general bo‘lib, 2014 yil ayirmachilar nazoratidagi Mariupolga barrikadani BMPda yorib o‘tgani bilan tanilgan. Keyinchalik Donbassning turli qismlarida jang qilgan, Rossiya to‘laqonli bosqinni boshlagach, frontning eng murakkab qismlariga, xususan, Xersonga tashlangan.

Iste’fosi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan mudofaa vaziri Mixaylo Fyodorov o‘rnini vaqtincha Yevgeniy Xmara egalladi. General Xamara Ukraina xavfsizlik xizmati SBU rahbari vazifasini bajaruvchi rolida ishlab kelayotgandi. U xavfsizlik kuchlarining «Alfa» maxsus bo‘linmasini boshqargani bilan tanilgan. Aynan shu guruh Rossiyadagi strategik samolyotlarni yo‘q qilish operatsiyasi «Pautina»ni amalga oshirgan.

Xmara Vasil Malyuk bilan birga o‘sha operatsiyani tashkil qilganlardan biri edi. Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, mamlakat mudofaa vaziri lavozimini harbiy bo‘lmagan odam egallashi kerak. Lekin Zelenskiy urush davrida favqulodda qonunlar amalda bo‘ladi degan qarorga kelgan ko‘rinadi, Xmarani vazirlik tepasiga qo‘ydi.

Kutilganidek Sirskiydan keyin VSU shtab boshlig‘i Gnatov ham iste’foga chiqarildi. Uning o‘rnini general Igor Skibyuk egalladi. Zelenskiy uch lavozimga tayinlangan barcha harbiylar bilan uchrashib, ularga ishonch bildirdi. Bosh qo‘mondon va shtab boshlig‘i lavozimlari hal qilib bo‘lindi, ular uzoq vaqt qolsa kerak. Lekin mudofaa vaziri lavozimi hali o‘zgarishi mumkin. Chunki ukrain jamiyatida Fyodorov iste’fosidan keyingi norozilik kayfiyati so‘nmayapti. Balki uni yana vazirlikka qaytarishar.

WB omborlariga hujum

Oxirgi haftalarda urush deganda Rossiyadagi WB omborlari yonishini ko‘radigan bo‘lib qoldik. Ukraina avvalroq «Rossiyani tinchlikka undash qirq kunligi» operatsiyalarini boshlagandi. Bu amaliyotlardan maqsad tobora ko‘proq rossiyaliklari urushni o‘z tanasida his qilishga undash edi. Avvaliga Rossiyadagi neftni qayta ishlovchi savodlar, neft tankerlari hujumga uchrayotgandi, oxirgi vaqtlarda mamlakatdagi eng yirik onlayn bozor WB omborlari hujum nishoniga aylandi.

Ukraina bu omborlarda «dron ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan detallar saqlangani» haqida bayonot berdi. Lekin aslida maqsad Rossiya biznesiga zarba berish ekani ko‘rinib turibdi. Ukraina shu tariqa rossiyaliklar urushdan bezor bo‘lib, hukumatga bosim o‘tkazishiga erishmoqchi. Urushning dastlabki yillarida urush faqat Ukraina hududida kechdi, rossiyaliklar, ayniqsa Moskva, Peterburg kabi yirik shaharlarda yashovchilar urush bo‘layotganiga e’tibor ham berishmadi. Natijada Kreml hech qanday muammosiz urushni davom ettiraverdi.

Kuzda Rossiyada parlament saylovlari o‘tkaziladi. Bu prezidentlik saylovi kabi raqobatsiz, muammosiz o‘tadigan jarayon emas, butun mamlakat bo‘ylab nomzodlar kurashadi. Ukraina aynan shu saylov oldidan jamiyat hukumatga bosim o‘tkazishiga umid qilib neft zavodlari, WB omborlarni uryapti. Chindan tobora ko‘proq rossiyaliklar urushni o‘z tanasida his qilmoqda, juda ko‘p rossiyaliklar urushdan bezor bo‘lishdi ham, lekin Ukraina rus jamiyati hukumatga bosim o‘tkazishini kutmasa ham bo‘ladi. Hozir 1917 yil emas axir...

Saudiya uranni boyitadi

Saudiya Arabistoni va AQSh tarixiy kelishuvga erishdi. Amerika energetika vazirligi yadro energetikasi bo‘yicha kelishuv imzolanganini e’lon qildi. Albatta, gap tinch yadro energiyasi haqida ketmoqda, lekin uranni boyitish yadro quroli ishlab chiqarish yo‘lidagi birinchi qadam ekani ham ma’lum. Shu sabab isroilliklar bu kelishuvdan hayiqib qolishdi.

Amerika tomoniga ko‘ra, ular Saudiya yadro energetikasi sektoridan katta pul ishlab olishmoqchi. Saudiya Arabistonida AES yo‘q, lekin qirollik buning ustida anchadan beri ishlab keladi. Saudiya yadro energetikasi uchun yoqilg‘ini chetdan olib kelish o‘rniga uranni o‘z hududida Amerika ishtirokidagi korxonalarda boyitish haqida o‘ylamoqda.

Arablar ham albatta, «Biz faqat va faqat AES orqali elektr olishni o‘ylayapmiz, boshqa maqsadimiz yo‘q», deb turishibdi. Lekin arablar uchun neft yoki gazni yoqib elektr olish muammo emasligi, quyosh stansiyalari ko‘payib borayotgani inobatga olinsa, ularning ham biror o‘ylagani bo‘lsa kerak.

Axir Eron butun boshli Amerika bilan urushdan katta obro‘ bilan chiqib ketadigan ko‘rinadi. Bunaqa statusga ega bo‘ladigan Eronga mashhur voizlarning qo‘shiqlari bilangina qarshilik qilib bo‘lmaydi. Eron arablarga bo‘lgan nafratini tobora oshkor bildira boshladi va endi arablar neft sotib boyvachcha bo‘lib yurishning o‘zi yetarli emasligini tushunib yetgan ko‘rinadi.

Aytgancha, Amerika bu kelishuv imzolanishi uchun Isroilni tan olishi kerak deb aytishayotgandi, lekin bunaqa emaskan. Mana, Saudiya Arabistoni Isroilni tan olgani yo‘q, lekin kelishuv imzolab bo‘lindi. Balki Amerika shunchaki ikki tomon aloqalari yaxshilanishiga erishmoqchi bo‘laytgandi. Biroq Saudiya aniq pozitsiyasini bildirib bo‘lgan: poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlati tuzilmas ekan, hech qanday Isroil tan olinmaydi.

Dubay sayyohlarni «sotib olmoqchi»

Shu kunlarda Dubay amirlikka borgan sayyohlarga 800 dollardan berarkan, degan mish-mish tarqaldi. Lekin bunday emas, arablar sayyohlarga pul bermaydi. Lekin bu uydirma ham emas, shunchaki ma’nosini o‘zgarib ketgan yangilik. Gap shundaki, amirlik Dubai invite degan loyiha ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, yangi turistlarni jalb qilgan sayyohlik shirkatlari har jalb qilingan yangi sayyoh uchun 800 dollardan ko‘proq imtiyoz, chegirma ko‘rinishida pul olishi mumkin.

Ya’ni, shirkatingiz Pokistonga borib 300 kishini samolyotga solib kelsa, hisobingizga 240 ming dollar tushirib berishmaydi, bunaqada amirlik kasod bo‘lishi aniq. Buning o‘z shartlari bor, sayyoh Dubayga borishi, ma’lum muddat qolishi, pul sarflashi va boshqa talablar bajarilsa, uni jalb qilgan shirkat foyda oladi.

Arablar nega bunday qilayotganiga qisqacha tushuntirish berib ketsam. Amerika va Isroil Eronga qarshi urush boshlagach, forslar amerikaliklarning arab davlatlaridagi bazalariga zarba berishga kirishdi. Oqibatda arab davlatlariga odamlar bormay qo‘ydi. Boshqa davlatlar-ku sayyohlikdan kun ko‘rmas, lekin arablar ichida birinchi bo‘lib neft qaramligidan qutilgan Dubay uchun juda bu jiddiy muammo bo‘ldi. Shu sabab amirlik ajoyib shaharga sayyohlarni qaytarish ustida bosh qotirmoqda.

G‘azoda ahvol og‘ir

Falastinning G‘azo bo‘lg‘asida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolanganiga o‘n oy bo‘ldi, lekin u yerda ahvol og‘irligicha qolmoqda. Milliondan ortiq odam hamon antisanitariya holatida yashamoqda. Urush sabab kanalizatsiya tizimi ishdan chiqqan, ichimlik suvi hamon muammo. Urushni ham tugadi deb bo‘lmaydi, Isroil G‘azoda hamon falastinliklarni o‘ldirib yotibdi.

Bo‘lg‘ani tiklash bo‘yicha va’dalar ham uydirma bo‘lib chiqdi, Tramp a’zolik badali 1 milliard dollar etib belgilagan tinchlik kengashi nima bilan mashg‘ul ekani tushunarsiz. Balki Isroilning istagi bilan Amerika G‘azoni tiklash ishlariga start bermayotgandir. Bir qarashda urush tugagan, lekin Isroil bo‘lg‘adan chiqib ketgani yo‘q, harbiylari shaharda. Boshqa davlatlar borib tiklash ishlarini amalga oshiraman desa, Isroil yo‘q qo‘ymaydi.

Aftidan isroilliklar Falastin yerlarini egallab olishning yangi yo‘lini topgan ko‘rinadi. Balki ular falastinliklar noinsoniy sharoitda yashab bo‘lmaydi deb G‘azoni tashlab chiqishini kutayotgandir. Xullas, bo‘lg‘ada ahvol umuman o‘zgarmagan, milliondan ortiq falastinliklar xalqaro hamjamiyat yordamiga mujtoh.

Tanti boylar

Britaniyalik 100 dan ortiq millionerlar hukumatdan ularning soliqlarini oshirishini so‘rab xat yozishdi. «Vatanparvar millionerlar» guruhiga a’zo bo‘lgan boyligi 10 million funtdan oshadigan kamida 120 nafar britaniyalik millioner o‘zlariga nisbatan 2 foizlik boylik solig‘i joriy etilishini so‘ramoqda. Ya’ni, boylar har yili boyligining 2 foizini soliq ko‘rinishiga davlatga berishga tayyor.

«Bunga qurbimiz yetadi, gap har kuni tirikchilik uchun pul topish umidida ishga borib keladiganlar uchun soliqni oshirish emas, asosan mavjud kapitallari evaziga boylik orttiradigan eng boy insonlar uchun soliq joriy qilish haqida ketmoqda. Biz davlatimizni yaxshi ko‘ramiz va uning gullab-yashnashini istaymiz. Bu uchun ko‘proq investitsiya kerak, bizning soliqqa solinmaydigan boyligimiz esa ayni shunday investitsiya manbaasi hisoblanadi», deyiladi millionerlar xatida.