Koreya Respublikasining Pusan shahrida YuNeSKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Sessiya doirasida 1972 yilgi Butunjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konvensiya ishtirokchi davlatlari ob’yektlarni YuNeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha nominatsiyalarni ko‘rib chiqmoqda hamda butunjahon merosi ob’yektlarini saqlash masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilmoqda.

Qo‘mita qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining «Toshkent modernistik arxitekturasi. Markaziy Osiyoning zamonaviyligi va an’analari» milliy nominatsiyasi YuNeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Bu O‘zbekistonning so‘nggi 25 yil ichida Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan birinchi milliy nominatsiyasi, mamlakatning YuNeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatidagi oltinchi madaniy ob’yekti, shuningdek, Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlarida ushbu maqomga ega bo‘lgan XX asr modernistik arxitekturasining ilk ob’yekti hisoblanadi.

Nominatsiya XX asrning ikkinchi yarmida, asosan 1966 yilgi zilziladan keyin shakllangan Toshkentning arxitektura merosiga bag‘ishlangan. U modernistik arxitektura tamoyillari, Markaziy Osiyo me’morchiligi an’analari va mahalliy iqlim xususiyatlarining o‘ziga xos uyg‘unligini aks ettiruvchi o‘nta muhim ob’yektni birlashtiradi.

Nominatsiyadan «Jyemchug» turarjoy binosi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Xalqlar do‘stligi saroyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Davlat tsirki, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zali, Alisher Navoiy nomidagi kinoteatr, «Chorsu» bozori, «Kosmonavtlar» metro stansiyasi va Katta quyosh pechi («Quyosh» geliokompleksi) o‘rin olgan.

Nominatsiyaning YuNeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi O‘zbekistonning arxitektura merosi xalqaro miqyosda e’tirof etilganini tasdiqlaydi hamda uni kelgusida asrab-avaylash, o‘rganish va xalqaro darajada ommalashtirishga xizmat qiladi.