Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahridagi qator ob’yektlarga tashrif buyurib, mutasaddilar bilan yashil maydonlarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

«Toshkent jadal rivojlanmoqda, ammo, ayni paytda, shahrimizda yashil hududlar nihoyatda kam. Yangi istirohat bog‘lari barpo etish va atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish – poytaxt kelajagi uchun eng zarur ustuvor yo‘nalishlardan.

Aynan shu sababdan shahardagi qator muhim ob’yektlarni borib ko‘rdim. Har bir maskanning o‘z o‘rni, xususiyati bor. Maqsadimiz bitta – ularni xalqqa xizmat qiladigan qulay manzilga aylantirish», – deyiladi postda.

Xususan, PA rahbari o‘z jamoasi bilan Afrosiyob ko‘chasidagi bog‘ni ko‘zdan kechirgan. Bu yerda barcha emin-erkin dam olishi uchun zarur sharoitni yaratish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Sayilgoh ko‘chasi, Amir Temur shohko‘chasi va unga tutash hududlarni yangilash, Bobur nomidagi Ekopark hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi bog‘ maydonlarini kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

«Asosiy vazifamiz – poytaxtimizga “yashil shahar” maqomini qaytarish, odamlar mazmunli hordiq chiqarishi va sayr qilishi uchun imkon qadar ko‘proq ochiq maydonlar yaratishdir. Qulay va xavfsiz muhitni rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini izchil davom ettirish hamda mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish lozim.

Shahar aholisining turmush darajasini yaxshilash yo‘lida bu masalalarni hal etishga zudlik bilan kirishmoq juda muhim», – deya yozadi Mirziyoyeva.