Belgilanishicha, ushbu qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda islom ta’limoti va diniy ilmlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Hakim Termiziyning ibratli hayot yo‘li hamda ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon hamjamiyati o‘rtasida keng targ‘ib etishni yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.

Hujjatga ko‘ra, Termiz shahrida 2026 yil noyabr oyida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Hakim Termiziyning "Navodirul usul" va "Bahrut tafsir" asarlari hamda allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashr etiladi. 2026 yil davomida Hakim Termiziy ilmiy merosiga oid turkum risolalarni nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.

Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan esdalik buyumlarni muomalaga chiqariladi hamda pochta markalari, taqvimlar, allomaning hayoti va ilmiy merosini yoritib beradigan boshqa ko‘rgazmali axborot vositalari turkumi yaratiladi.

Hakim Termiziy yodgorlik majmuasi va unga tutash hududlar obodonlashtiriladi.

Fanlar akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda Hakim Termiziy ilmiy merosiga mansub qo‘lyozmalar, qadimiy kitoblar, noyob asarlar va boshqa madaniy boyliklar tadqiq etilishi va restavratsiya qilinishini hamda ularning lozim darajada saqlanishini ta’minlaydi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida "Hakim Termiziy asarlari bilimdoni" tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash choralarini ko‘radi.

Alloma tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan 2026 yil noyabr oyida “Mardlar maydoni” shiori asosida Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri o‘tkaziladi.

Hakim at-Termiziy (to‘liq ismi - Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir Hakim Termiziy) muhaddis va mutasavvuf bo‘lib, Termiz shahrida yashab ijod qilgan. U 80 dan ortiq asarlar muallifi hisoblanadi. At-Termiziy chuqur ilm va keng dunyoqarashga ega bo‘lgani uchun «Al-Hakim» (dono) degan taxallusni olgan.