Milliy jamoalar ishtirokidagi yirik turnirlar azaldan ko‘plab yangi yulduzlarni kashf qiladi, mavsum davomida ochilgan yosh futbolchilar yanada taniladi. Ko‘pincha jahon chempionati yosh futbolchi transferida katalizator vazifasini o‘taydi – klublar bo‘lajak top futbolchini imkon qadar tezroq o‘ziniki qilishga urinadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi – turnirning ayrim yulduzlari allaqachon o‘ziga yangi klub topdi. Shveytsariya safida porlagan Joan Manzambi «Aston Villa» a’zosiga o‘tdi, Ismael Saybari endi «Bavariya»da, Morgan Rodjyers esa faoliyatini «Chelsi»da davom ettiradigan bo‘ldi.

Quyida JCh qahramonlari va kashfiyotlari bo‘lgan boshqa futbolchilardan qaysidari yozda klubini o‘zgartirishga yaqin ekani haqida.

Yan Diomande

19 yosh, «Leypsig», o‘ng qanot vingeri
Transfer qiymati – 90 million yevro (Transfermarkt bo‘yicha)

Dunyoning eng yaxshi driblerlaridan biri JCh-2026 o‘yinlarida ham o‘z darajasini namoyish etdi. U faqat guruh bosqichida Kyurasaoga qarshi o‘yinda golli harakat amalga oshirdi, ammo XXI asrda jahon chempionatidagi dastlabki uch o‘yinida 10 dan ortiq muvaffaqiyatli aldab o‘tish va 10 dan ortiq vaziyat yaratishga erishgan ilk futbolchiga aylandi.

Iyun oyi o‘rtalariga qadar Yan «Liverpul»ga o‘tishga yaqin turgandi. Mersisaydliklar Muhammad Saloh o‘rniga o‘ng qanot vingeri izlamoqda va bu pozitsiya uchun 100 million yevrodan ortiq mablag‘ sarflashga tayyor. Ammo oy oxiriga kelib vaziyat o‘zgardi. Endi «PSJ» ham futbolchi uchun kurashga qo‘shilgan, fransiyalik insayder Jamelning ma’lumotiga ko‘ra, vinger Parij klubiga o‘tish uchun og‘zaki rozilik bildirgan – u Luis Enrike qo‘l ostida o‘ynashni xohlamoqda va Parijda «Oltin to‘p» uchun kurashish imkoniga ega bo‘lishiga ishonmoqda.

Diomandega «Arsenal» klubidan ham qiziqish bor, ammo londonliklar bosh murabbiyi Mikel Arteta ushbu futbolchidan chap qanotda foydalanmoqchi bo‘lgan, futbolchining o‘zi esa, har ikki oyog‘ida birdek harakatlana olsa-da, o‘ng qanotda o‘ynashni istamoqda. «Arsenal»da esa hujumning o‘ng qanoti jamoa yetakchilaridan biri Bukayo Saka tomonidan band etilgan.

Ayyub Buaddi

Foto Getty Images

18 yosh, «Lill», markaziy yarimhimoyachi
Transfer qiymati – 50 million yevro

Aqlli va qora mehnatdan qochmaydigan havbek. Maydon markazida kuchli bosim ostida ham o‘zini xotirjam tutishi, eng to‘g‘ri qarorlarni qabul qilishi va o‘ziga ishonch bilan harakat qilishi orqali hayron qoldira oladi. Va u hali 18 yoshda.

U JCh 1-turida Braziliyaga qarshi o‘yinda maydon markazida hukmronlik qildi: to‘rt marta to‘pni olib qo‘ydi, olti marta to‘pni jamoaga qaytardi va raqiblarni uch marta muvaffaqiyatli aldab o‘tdi. Uzatmalar aniqligi – 91 foiz. Kanada, Niderlandiya va Shotlandiyaga qarshi o‘yinlarda ham jamoasining eng yaxshilaridan bo‘ldi.

Unga Angliyaning qator grandlari talabgor. «Liverpul» va «Arsenal» vakillari marokashlik futbolchining vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan, «MYu» skautlari ham Ayyubning JChdagi o‘yinlarini kuzatgan, fransiyalik jurnalist Matteo Moretto va Angliyaning The Athletic nashri yozishicha, Buaddini qo‘lga kiritish uchun eng yaxshi imkoniyat «Manchester Siti»da. «Shaharliklar» Elliot Anderson transferidan keyin maydon markazi uchun yana bir qimmatbaho xaridni amalga oshirishga tayyor.

Afrikalik yarimhimoyachiga Madridning «Real» klubidan ham qiziqish bor. Ushbu klub skautlari ham Buaddini kuzatish uchun Braziliya va Marokash o‘rtasidagi o‘yinga tushishgan va klub Enso Fernandes bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanadigan bo‘lsa, aynan unga e’tibor qaratmoqchi. «Lill» esa bu futbolchisi uchun 100 million yevro ishlab olishni ko‘zlagan.

Manu Kone

Foto: Kevin C. Cox/Getty Images

25 yosh, «Roma», markaziy yarimhimoyachi
Transfer qiymati – 50 million yevro

Manu ham turnirni yaxshi o‘tkazdi. U to‘rt o‘yinda (Iroq, Norvegiya, Paragvay va Marokash bilan o‘yinlarda) boshlang‘ich tarkibda tushdi, yarimfinalda Ispaniyaga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limida tushirildi. U bu o‘yinlarda yulduzli jamoadoshlari fonida yo‘qolib qolmadi va maydon markazida Adriyen Rabio bilan juftlikda mustahkam qalqon tashkil etdi: 92 foiz aniqlikdagi uzatmalar, yetti marta to‘pni olib qo‘ydi, 7 marta fol ishladi va 25 marta to‘pni egallab oldi.

Italiyadagi Tuttosport gazetasi u haqda shunday yozdi: «Roma» Koneni 60 million yevro atrofidagi mablag‘ evaziga qo‘yib yuborishga tayyor. Ushbu fransuzga Andrey Santosdan keyin yarimhimoya chizig‘i uchun yana bir transfer amalga oshirishni rejalashtirayotgan «MYu» asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Fabritsio Romanoning qo‘shimcha qilishicha, inglizlar klubi allaqachon futbolchi bilan aloqaga chiqqan va shartnoma jihatlarini muhokama qilgan.

Krisensio Sammervill

24 yosh, «Vest Hem», chap qanot vingeri
Transfer qiymati – 35 million yevro

Krisensio Sammervill Niderlandiya jamoasidagi debyutini JCh boshlanishiga sakkiz kun qolganida amalga oshirib, Jazoir va O‘zbekistonga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida o‘ynadi. JChning 1-turida yaponlar darvozasiga juda chiroyli gol urdi, ikkinchi turda Shvetsiyaga qarshi o‘yinda Ronald Kuman uni zaxirada qoldirdi, ammo ikkinchi bo‘limda tushgan futbolchi bir gol va bir golli uzatma muallifiga aylandi. Pley-offda esa Marokashga qarshi o‘yinda Kodi Gakponin hisobni tenglashtiruvchi goliga uzatma berdi, ammo penaltilar seriyasida hal qiluvchi zarbani amalga oshira olmadi.

Shunga qaramay, turnir davomida unga qiziqish ortib ketdi: uni qo‘lga kiritishga APLning «Liverpul», «MYu», «Fulhem», «Aston Villa» kabi klublari, shuningdek, «Roma» talabgor edi, rimliklar 46 million yevrolik taklif ham jo‘natgandi. Ammo o‘tgan mavsum yakunida chempionshipga tushib ketgan «Vest Hem» ushbu futbolchisi uchun katta pul ishlab olishga qaror qildi va uni 80 million yevro evaziga Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubiga sotadigan bo‘ldi.

Andreas Shelderup

22 yosh, «Benfika», chap qanot vingeri
Transfer qiymati – 30 million yevro

U faqat top raqiblar bilan katta sahnaga chiqadi. YeChLning o‘tgan mavsumida u guruh bosqichining so‘nggi turida «Real» darvozasiga ikki gol urgan va jamoasi o‘tish o‘yinlariga o‘tishiga katta hissa qo‘shgandi. JChda esa Fransiya bilan o‘yinda zaxiradan tushib, norveglarning yagona goliga hammualliflik qildi, pley-offda Braziliyaga qarshi o‘yinda Holandning ikki goliga assist berdi, Angliya bilan o‘yinda esa hisobni ochuvchi gol muallifiga aylandi. Andreas bu turnirdagi beshta o‘yindan faqat ikkitasida boshlang‘ich tarkibda tushgani inobatga olinsa, ajoyib statistika.

So‘nggi uch mavsumni Portugaliyada (orada vatanidagi «Norshelann» klubida ijara asosida ham o‘ynab keldi) o‘tkazgan Shelderup kuchliroq klubga o‘tishi vaqti kelgan. Bu yozda katta transfer kampaniyasi olib borayotgan «Tottenhem» klubidagilar ham shunday fikrda. Portugaliyadagi nashrlar yozishicha, «shporlar» ushbu futbolchi uchun 40 million yevrolik taklif tayyorlamoqda va bu «Benfika»ni qanoatlantiradi. Shuningdek, Alexandro Garnachoni «Aston Villa»ga ijaraga bergan «Chelsi» ham ushbu norvegiyalik yosh futbolchini qo‘lga kiritishga urinib ko‘rishi mumkin.

Jyed Spens

25 yosh, «Tottenhem», o‘ng qanot himoyachisi
Transfer qiymati – 30 million yevro

Tomas Tuhel Jyedni himoyaning har ikki qanotida o‘ynatib ko‘rdi, bundan tashqari, murabbiy har o‘yinga qanotlarga turlicha futbolchilarni tushirdi. Natijada «Tottenhem»ning ushbu futbolchisi faqat to‘rt o‘yinda startda tushdi – shundan bittasida, Argentinaga qarshi o‘yinda Angliya yutqazdi, Gana bilan o‘yinda golsiz durang qayd etildi, faqat ikki o‘yinda g‘alaba qozonildi. Ammo ushbu futbolchi turnirni muvaffaqiyatli o‘tkazdi, deyish mumkin – u o‘zini dunyoga tanitdi va o‘z kolleksiyasiga JCh bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.

Londonliklar Jyedni sotishga qarshi emas va uning transferini kamida 35 million yevroga baholamoqda. Unga asosiy da’vogar hozircha «Inter» – Italiya nashrlariga ko‘ra, Spens «shporlar» safini tark etishni istamoqda va milanliklar safida o‘ynashga rozi. Shuningdek, unga «Everton» ham qiziqmoqda, ammo mersisaydliklar klubida undan tashqari, Geloy Due va Ben Uayt variantlari ham bor.

Gilberto Mora

17 yosh, «Tixuana», hujumkor yarimhimoyachi
Transfer qiymati – 10 million yevro

Meksikalik ushbu vunderkind turnirning eng yosh futbolchisiga aylandi, bundan tashqari, jahon chempionatlarida o‘ynagan eng yosh futbolchilar oltiligiga kirdi. U JARga qarshi kechgan mundialning ochilish o‘yinida 66-daqiqada maydonga tushdi va darhol tarixga kirdi – 1966 yildan buyon 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida JCh o‘yinida yuz foizlik aniqlikdagi uzatmalar bergan uchinchi futbolchi bo‘ldi.

JCh boshlanishi arafasida Mora «Tihuana» bilan shartnomasini yangilagandi, ammo bu shunchaki futbolchining transfer narxini oshirishga qaratilgan klassik ayyorlik bo‘lishi mumkin. Ushbu iste’dodli futbolchi uchun raqobat jiddiy - «Barselona», «Real» va Angliyaning qator klublari meksikalik uchun 40 million yevro to‘lashga tayyor. Ammo muhim nyuans bor: FIFA qoidalariga ko‘ra, futbolchi balog‘at yoshiga yetgunicha boshqa ligaga transfer qilinishi mumkin emas. More faqat oktyabrga borib 18 yoshga to‘ladi, shuning uchun u bilan faqat og‘zaki kelishuvni hal qilish mumkin. O‘z vaqtida «Real» Endrik transferida shunday yo‘l tutgandi.

Gustavo Puerta

22 yosh, «Rasing», markaziy yarimhimoyachi
Transfer qiymati – 10 million yevro

Kolumbiyaliklar yangi avlodining yorqin namunasi. Puerta 2025 yil oxiridan buyon milliy jamoa safida o‘ynab keladi, ammo aynan mundialda jamoaning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Opta ma’lumotiga ko‘ra, Nestor Lorenso shogirdlari guruh bosqichida o‘rtacha bir o‘yinda yo‘llangan zarbalar soni bo‘yicha uchinchi eng yaxshi natijani ko‘rsatgan. Bunda Gustavoning xizmatlari katta – ushbu universal yarimhimoyachi o‘z jamoasi hujumlarini tashkil etishda katta hajmdagi ishlarni bajardi va tom ma’noda maydonning har bir uchastkasida ishladi. Puerta uzatmalar aniqligi bo‘yicha 92 foizlik ko‘rsatkichga erishgan, uning raqib jarima maydoniga uzatgan paslaridan 88,3 foizi sheriklariga aniq yetib borgan. Bundan tashqari, u 94 marta to‘p bilan oldinga borgan, bu borada jamoada ikkinchi ko‘rsatkichga ega. U to‘psiz harakatlanishda ham ajoyib: pressing harakatlar bo‘yicha u jamoadagi eng yaqin ta’qibchisini naq 61 urinishga ortda qoldirgan.

22 yoshli futbolchiga «Roma», «Latsio», «Portu», «Atalanta» va «Vilyarreal» kabi klublar qiziqmoqda. «Rasing» unga 20 million yevrolik narx belgilagan va uning sotuvidan yaxshigina foyda ko‘rishi mumkin – bir yil oldin argentinaliklar klubi Gustavoni «Bayyer»dan 3,5 million yevro evaziga xarid qilgandi.

Hessem Hassan

24 yosh, «Real Oviyedo», o‘ng qanot vingeri
Transfer qiymati – 8 million yevro

Hassan jahon chempionatida atigi 126 daqiqa o‘ynadi, ammo shuning o‘zi turnir kashfiyotlaridan biriga aylanishi uchun kifoya qildi. «Oviyedo» vingeri guruh o‘yinlarida maydonga tushmagandi, pley-offda esa Avstraliyani penaltilar seriyasida mag‘lub etishda yordam berdi.

Uning boshlang‘ich tarkibdagi ilk o‘yini – Argentinaga qarshi kechdi. O‘sha o‘yinda Hassan o‘zini dunyoga ko‘z-ko‘z qila oldi: u dadillik bilan yulduz futbolchilarni aldashga kirishdi, muntazam ravishda raqib darvozasi tomon xavf soldi va o‘yinning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi. Uning o‘z uslubida qanot bo‘ylab oldinga yurishlaridan biri Mustafo Zikoga golli uzatma berishi bilan yakunlangandi, ammo bu gol hujum boshlanishidagi fol tufayli bu gol bekor qilindi. U keyinroq baribir o‘z maqsadiga erishdi va Zikoni golli uzatma bilan ta’minladi, ammo misrliklar o‘sha o‘yinda ikki gol ustunligini saqlab qola olishmadi – argentinaliklar so‘nggi 13 daqiqa ichida uchta gol urishdi va Misrni turnirdan chiqarib yuborishdi.

O‘ziga berilgan 126 daqiqa mobaynida Hassan to‘qqizta dribling amalga oshirdi – bu o‘rtacha 90 daqiqaga 6,4 ta degani. Uning yorqin o‘yinlari transfer bozoridagi klublarning e’tiborini o‘ziga qaratishni boshlagan: ushbu vinger Shotlandiyaning eng nomdor klubi «Seltik»ka o‘tishi kutilmoqda.

Xulian Kiniones

Foto: Dmitriy Golubovich, «Chempionat»

29 yosh, «Al-Qodisiya», hujumchi
Transfer qiymati – 14 million yevro

Deyarli butun faoliyatini Meksikada, asosan «Tigres» klubida o‘tkazgan hujumchi 2024 yilda Saudiya chempionatiga kelgan, o‘tgan mavsumda ushbu ligada Krishtianu Ronalduni ortda qoldirib, 33 gol bilan eng yaxshi to‘purarga aylangandi. U o‘z vatanida o‘tkazilgan jahon chempionatida ham yuqori sport formasida ekanini namoyish etdi: ochilish o‘yinida JAR darvozasiga turnirning ilk golini urdi, keyin Chexiya, Ekvador (bu o‘yinda u bitta golli uzatma muallifi ham bo‘ldi) va hatto Angliya darvozasini ishg‘ol etdi. Endi uni futbol jamoatchiligi tezkor, kuchli zarbaga ega va ajoyib driblingi bor hujumchi sifatida taniydi. Beshta golli harakat – meksikalik futbolchilar orasida 1966 yildan buyon bitta jahon chempionatidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Bunday ko‘rsatkichlari bilan 29 yoshda ham u kuchli chempionatda o‘ynay olishi mumkin.

Vozinya

Foto Getty Images

40 yosh, klubsiz, darvozabon
Transfer qiymati – 50 ming yevro

Kabo-Verde darvozabonining bu mundialdagi sarguzashtlari haqida kino olsa bo‘ladi. 40 yoshli darvozabon haqidagi muhokamalar Mbappe va Holandning gollari, Messining rekordlari va Yamalning o‘yini haqidagi muhokamalardan kam bo‘lmadi. Uning instagram sahifasiga o‘n millionlab yangi obunachilar qo‘shildi (turnir arafasida unda 50 ming atrofida o‘quvchi bor edi, hozir bu miqdor 30 millionga yaqinlashdi).

Ammo u turnir arafasida klubsiz qolgandi – Portugaliyaning ikkinchi divizioni vakili «Shavish» u bilan shartnomani uzaytirmaslikka qaror qilgandi.

Vozinya hozir ham klubsiz, ammo faoliyatini yakunlash niyatida emas. Mediada katta mashhurlikka erishgan posbonga qiziqish bor, ammo faqat Amerikadagi klublardan. Ispaniya va Argentinaga qarshi o‘yinlarda qahramonlik ko‘rsatgan Vozinyani «Inter Mayami» o‘z safiga qo‘shib olishi kutilmoqda. Ispaniyadagi Marca nashriga ko‘ra, klub egalaridan biri bo‘lgan Devid Bekhemning shaxsan o‘zi uni jamoasida ko‘rmoqchi.