Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fedorov 23 iyul kuni prezident Volodimir Zelenskiy taklif qilgan boshqa davlat lavozimlariga rozi emasligini tasdiqladi. Bundan avval Zelenskiy unga bir nechta vazifa, jumladan harbiy innovatsiyalar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari lavozimini taklif qilganini aytgan edi.

Fedorovning ta’kidlashicha, u prezidentning barcha takliflari uchun minnatdor, biroq mamlakatda harbiy harakatlar natijasiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy lavozimlar Ukraina prezidenti, mudofaa vaziri va Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni hisoblanadi.

«Shuning uchun men mudofaa vaziri lavozimidan boshqa hech qanday vazifaga rozi emasman», - dedi siyosatchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa davlat lavozimlari qurol-yarog‘ xaridlaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish, armiyani isloh qilishni yakunlash, Rossiya armiyasiga qarshi asimmetrik operatsiyalarni rejalashtirish va amalga oshirish, tizimdagi yolg‘onchilik hamda mas’uliyatsizlikni bartaraf etish uchun yetarli vakolat bermaydi.

Fedorovning qayd etishicha, uni lavozim yoki maqom emas, balki Ukraina g‘alabasini yaqinlashtirish uchun qaror qabul qilish va natijaga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati qiziqtiradi.

Sobiq vazirning ma’lum qilishicha, joriy yil yanvar oyida u o‘z jamoasi bilan prezident taklifiga binoan Mudofaa vazirligida ish boshlagan va AIR-LAND-ECONOMY rejasini amalga oshirishga kirishgan. Bu reja mamlakat osmonini himoya qilish, Rossiya qo‘shinlarining ilgarilashini to‘xtatish hamda Rossiya iqtisodiyotiga bosim o‘tkazishga qaratilgan.

Fedorovning ta’kidlashicha, olti oy davomida mazkur reja bosqichma-bosqich amalga oshirilib, Ukraina so‘nggi yillarda ilk bor tashabbusni o‘z qo‘liga ola boshlagan va Rossiyani kuch orqali tinchlikka majbur qilish imkoniyati paydo bo‘lgan.

Shu bilan birga, 16–21 iyul kunlari Kiyev va boshqa shaharlarda Fedorovni mudofaa vaziri lavozimiga qaytarish hamda Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyni lavozimidan ozod etish talabi bilan namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

21 iyul kuni Volodimir Zelenskiy bosh qo‘mondonni almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu lavozimga Qo‘shma kuchlar qo‘mondoni Mixail Drapatiy tayinlandi.

Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, namoyish ishtirokchilari Zelenskiyga 24 iyulgacha Fedorovni mudofaa vaziri etib qayta tayinlash bo‘yicha ultimatum qo‘ygan.

Nashr manbasiga ko‘ra, Zelenskiy va Fedorov o‘rtasidagi muzokaralar hali ham davom etmoqda. Prezidentning kommunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Dmitriy Litvin ham davlat rahbari bilan Fedorov o‘rtasidagi muloqot davom etayotganini tasdiqlab, hozircha uning mazmunini ochiqlashni noto‘g‘ri deb baholadi.