Uning aytishicha, OAVda ikki rahbar o‘rtasida jiddiy ziddiyat mavjudligi haqida tarqalgan xabarlar u uchun kutilmagan hol bo‘lgan. Sirskiyning ta’kidlashicha, ular o‘rtasidagi munosabatlar har doim ish xarakterida kechgan, murakkab masalalar va turlicha yondashuvlar bo‘lgan bo‘lsa-da, bu shaxsiy qarama-qarshilikka aylanmagan.
Shu bilan birga, Sirskiy omma oldida Fedorovdan uzr ham so‘radi. U o‘zining ba’zan qattiqqo‘l rahbar sifatida ish tutishini tan olib, agar biror harakati bilan sobiq vazirni ranjitgan bo‘lsa, uzr so‘rashini bildirdi. Shuningdek, u jamoatchilikni shaxsiy munosabatlar emas, balki mamlakat mudofaasi va g‘alaba masalasiga e’tibor qaratishga chaqirdi.
Bosh qo‘mondon shuningdek, o‘z mansabidan foydalanib rahbariyatga ultimatum qo‘ymaganini va armiyani messenjyerlar orqali boshqarmasligini ta’kidladi. Dronlardan foydalanishga qarshi ekani haqidagi tanqidlarni ham rad etib, aynan uning rahbarligi davrida Ukraina Qurolli kuchlarida Uchuvchisiz tizimlar kuchlari tashkil etilganini eslatdi.
Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, Mixail Fedorov mudofaa byudjyetida harbiylarning maoshlari uchun ajratilgan mablag‘larning bir qismini dronlar xaridiga yo‘naltirgan. Uning fikricha, aynan shu qaror harbiy xizmatchilarning pul ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqargan. Ayni paytda hukumat barcha harbiylarga maoshlarni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lash imkoniyatlarini izlamoqda.
Bosh qo‘mondon iyun oyida Fedorov jamoasi taklif qilgan yangi harbiy kontraktlar shartlarini ham tanqid qildi. Uning ma’lum qilishicha, taxminan bir millionlik armiyadan atigi ikki ming nafar harbiy ushbu shartnomalarni imzolagan. Sirskiy bu holat harbiylar boshqacha shartlarni kutgani va eksperiment huquqiy jihatdan ham bahsli ekani bilan izohlanishini bildirdi.
Shu bilan bir vaqtda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Aleksandr Sirskiyning ehtimoliy iste’fosi haqidagi xabarlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Rasmiy bayonotda Sirskiy ham, Bosh shtab boshlig‘i Andrey Gnatov ham o‘z lavozimlarida faoliyatini davom ettirayotgani, ularni lavozimidan ozod qilish faqat prezident farmoni bilan amalga oshirilishi qayd etildi.
Avvalroq Financial Times nashri Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Sirskiyni lavozimidan ozod qilish ehtimolini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi. Nashr manbalariga ko‘ra, Zelenskiy yuqori lavozimli bir nechta harbiy qo‘mondonlar bilan uchrashuv o‘tkazgan va bu ehtimoliy kadrlar almashinuvi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Mixail Fedorov esa bir necha kun avval Zelenskiyga Sirskiy hamda Bosh shtab rahbari Andrey Gnatovni lavozimidan ozod qilishni taklif qilganini aytgan edi. U Bosh shtabni islohotlarni to‘sish, qurol-yarog‘ni taqsimlashda shaffoflikning yetishmasligi va byurokratik yondashuvda ayblagan.
Bunga javoban Sirskiy armiya faqat dronlar hisobiga urush olib bora olmasligini ta’kidlab, zamonaviy harbiy harakatlarda artilleriya, minomyotlar, havo mudofaasi va radioelektron kurash vositalari ham hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini bildirdi. Avvalroq prezident Volodimir Zelenskiy ham Mudofaa vazirligi va Bosh shtab o‘rtasida tizimli kelishmovchiliklar mavjud bo‘lganini tasdiqlagan edi.











