Turizm qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish hamda sayyohlar almashinuvini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar mamlakatlarning turizm salohiyatini o‘zaro targ‘ib qilish, turistlar oqimini ko‘paytirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini oshirish va tibbiyot turizmi yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv davomida Eron tomoni Eron fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirishdagi viza tartibini soddalashtirish taklifini bildirdi.

 

Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonning turizm salohiyatini Eron bozorida keng targ‘ib etish, ikki davlatning boy tarixiy va madaniy merosidan samarali foydalangan holda sayyohlar almashinuvini izchil oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.