Adliya vazirligi Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Yangi tartibga muvofiq, maxsus huquqiy rejim doirasida davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlangan barqaror tokenlarni chiqarishga ruxsat beriladi. Bunda ta’minot sifatida Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda zaxiraga qo‘yilgan milliy yoki xorijiy valyutadagi mablag‘lar, shuningdek emitentga tegishli hamda Markaziy depozitariy tomonidan Markaziy bank foydasiga bloklangan davlat qimmatli qog‘ozlaridan foydalaniladi.

Hujjatga ko‘ra, emitent bloklangan davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha daromad olish huquqini saqlab qoladi. Davlat qimmatli qog‘ozlari uchun depo hisobvaraqlarini ochish, ularni bloklash va blokdan chiqarish depozitar operatsiyalar hisobini yuritish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Shuningdek, alohida hisobvaraqdagi mablag‘lar qoldig‘i va bloklangan davlat qimmatli qog‘ozlarining nominal qiymati muomaladagi barcha tokenlarning umumiy nominal qiymatidan kam bo‘lmasligi shart. Barqaror tokenlarni ta’minlash uchun kredit mablag‘lari, garovga qo‘yilgan aktivlar yoki boshqa jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ma’lumot uchun, barqaror token - qiymati milliy yoki xorijiy valyutaning nominal qiymatiga bog‘langan ta’minlangan kripto-aktiv turi hisoblanadi.