Bu haqda “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Shuhrat Rasul va Hikmatilla Kazakbayev so‘z yuritishdi.

- Urushning muhim bosqichida Zelenskiy nega ketma-ket yuqori lavozimli amaldorlarni almashtiryapti?

Shuhrat Rasul: Mixail Fedorov joriy yilning yanvar oyida mudofaa vaziri etib tayinlangan edi. U bilan Ukraina Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy o‘rtasida urushni olib borish konsepsiyasi bo‘yicha jiddiy kelishmovchilik yuzaga kelgan. Bu shaxsiy ziddiyat emas, balki strategik yondashuvlar to‘qnashuvi edi.

Sirskiy professional harbiy sifatida urushga an’anaviy nuqtayi nazardan qaraydi. Uning fikricha, asosiy e’tibor front chizig‘idagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilishi kerak. Strategik va iqtisodiy ob’yektlarga zarba berishdan ko‘ra, frontdagi ustunlikni saqlab qolish muhimroq.

Fedorov esa mutlaqo boshqa yondashuv tarafdori. U aslida IT muhandisi bo‘lib, mudofaa vazirligiga qadar Ukrainaning raqamli transformatsiya vaziri lavozimida ishlagan. Uning asosiy g‘oyasi – urushni texnologiyalar yordamida olib borish, dronlar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan maksimal foydalanishdan iborat.

Umuman olganda, Fedorov urushning innovatsion modelini ilgari surmoqda. Sirskiy esa harbiy akademiyalarda shakllangan klassik harbiy maktab vakili bo‘lib, ko‘proq XX asr uslubidagi urush konsepsiyasiga tayanadi. Demak, ularning asosiy qarama-qarshiligi aynan urushni qanday olib borish masalasida edi.

Fedorovning yana bir muhim tashabbusi harbiy xaridlar uchun elektron marketpleys platformasini yaratgani bo‘ldi. Ushbu tizim orqali qurol-yarog‘ va harbiy jihozlarni xarid qilish jarayonida milliardlab dollar mablag‘ iqtisod qilingani ta’kidlanmoqda. Shu sababli Ukrainada uning tarafdorlari anchagina. So‘nggi kunlarda Kiyev va boshqa yirik shaharlarda fuqarolar Fedorovni mudofaa vaziri lavozimiga qaytarishni talab qilib namoyishlar o‘tkazmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Yevropa Ittifoqining Ukraina bilan ishlayotgan ayrim rasmiylari ham Fedorovni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularning pozitsiyasi shundan iboratki, Yevropa Ukrainaga milliardlab dollar moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatayotgan ekan, bu mablag‘larning samarali sarflanishi muhim. Ularning fikricha, Fedorov qisqa vaqt ichida buni amalda isbotlay olgan.

Shunday qilib, Zelenskiy bir vaqtning o‘zida ichki jamoatchilik, G‘arb donorlari va harbiylarning bir qismi bosimi ostida qoldi. Buning ustiga, yangi bosh qo‘mondon etib tayinlangan Mixaylo Drapatiy ham lavozimga kirishishidan oldin ochiqchasiga Fedorovni qo‘llab-quvvatladi. U barcha harbiylar Sirskiyning qarashlarini qo‘llamasligini, o‘zi ham urushda dronlar, robotlar va boshqa zamonaviy texnologiyalar rolini kuchaytirish tarafdori ekanini bildirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, prezident Volodimir Zelenskiy Sirskiyni ham lavozimidan ozod qildi.

Ukraina Konstitutsiyasiga ko‘ra, mudofaa vaziri lavozimini harbiy emas, fuqaroviy shaxs egallashi kerak. Hozir esa razvedka xizmati rahbari Ximara o‘zining avvalgi lavozimini saqlab qolgan holda mudofaa vaziri vazifasini ham vaqtincha bajarmoqda. U professional harbiy, general unvoniga ega. Shu sababli yaqin kunlarda mudofaa vazirligi bo‘yicha yana kadrlar o‘zgarishi bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Hikmatilla Kazakbayev: Aslida, bu yerda asosiy kelishmovchilik urushni qanday olib borish masalasida edi. Ya’ni, Aleksandr Sirskiy va Mixail Fedorov urush strategiyasiga mutlaqo boshqacha yondashgan. Sirskiy klassik harbiy maktab vakili. U 1980 yillarda Moskvadagi Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida tahsil olgan va sovet harbiy doktrinasi asosida shakllangan professional harbiy hisoblanadi. Shu sababli u urushda asosiy natijani muntazam qo‘shinlar va front chizig‘idagi operatsiyalar orqali qo‘lga kiritish tarafdori edi.

Mixail Fedorov esa mutlaqo boshqa muhitdan chiqqan. U sotsiologiya va boshqaruv yo‘nalishida tahsil olgan, tadbirkorlik bilan shug‘ullangan, Zelenskiyning prezidentlik kampaniyasida raqamli texnologiyalar yo‘nalishiga mas’ul bo‘lgan. Shu bois u zamonaviy, texnologik va innovatsion yondashuv tarafdori sifatida tanilgan.

Sirskiy uchun urushning asosiy vazifasi qo‘shinlar harakati orqali frontdagi vaziyatni o‘zgartirish bo‘lsa, Fedorov texnologik ustunlikni hal qiluvchi omil deb hisoblagan. U dronlar, sun’iy intellekt va elektron urush vositalaridan keng foydalanish, shuningdek, psixologik operatsiyalarni kuchaytirish tarafdori edi.

Tomonlar o‘rtasidagi yana bir muhim kelishmovchilik boshqaruv tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan. Fedorov Sirskiy davridagi boshqaruvni ortiqcha markazlashgan va byurokratik deb tanqid qilgan. Uning fikricha, frontdagi kichik bo‘linmalar mustaqil qaror qabul qilish vakolatiga ega emas edi. Deyarli har bir muhim qaror yuqori qo‘mondonlik bilan kelishilishi talab qilinar, bu esa jangovar vaziyatda tezkorlikni pasaytirardi. Fedorov aksincha, vakolatlarni quyi bo‘g‘inlarga topshirish tarafdori edi. U brigada, batalyon va boshqa taktik bo‘linmalarga o‘z mas’uliyat hududida mustaqil harakat qilish imkoniyati berilishi kerakligini ilgari surgan. Uning nazarida, urushda inson omilini imkon qadar kamaytirib, boshqaruvni zamonaviy texnologiyalar yordamida avtomatlashtirish zarur edi.

Sirskiy bilan so‘nggi jiddiy kelishmovchiliklardan biri aynan Fedorov taqdim etgan yangi dron dasturi yuzasidan yuzaga kelgan. Fedorov bu loyihani urushning keyingi bosqichi uchun muhim deb hisoblagan bo‘lsa, Sirskiy uni ortiqcha xarajat deb baholagan va mavjud resurslardan samaraliroq foydalanish tarafdori bo‘lgan. Shunday qilib, qarama-qarshilik ikki shaxs o‘rtasidagi emas, balki ikki xil boshqaruv falsafasi o‘rtasidagi to‘qnashuv edi. Bir tomonda texnokratik va innovatsion yondashuv, ikkinchi tomonda esa konservativ harbiy maktab turardi.

Yana bir e’tiborli jihat shundaki, urush boshlanganidan buyon Ukrainada mudofaa vazirlari tez-tez almashmoqda. 2022 yildan buyon besh nafar mudofaa vaziri faoliyat yuritdi. Bu deyarli har yili ushbu lavozim egasi o‘zgarganini anglatadi. Rossiyada esa bu davrda mudofaa vaziri ikki marta almashdi. Oxirgi tayinlangan vazirning iqtisodchi ekani ham Rossiya urushni iqtisodiy jihatdan boshqarishga alohida e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi.

Ukrainadagi tez-tez kadrlar almashinuvi esa siyosiy rahbariyat va harbiy qo‘mondonlik o‘rtasida strategik masalalarda ma’lum darajada kelishmovchiliklar mavjudligini anglatishi mumkin. Valeriy Zalujniyning lavozimdan olinishi ham, keyinchalik Sirskiy bilan bog‘liq vaziyat ham shundan dalolat beradi. Tabiiyki, siyosatchilar va harbiylarning qarashlari har doim ham bir xil bo‘lavermaydi. Harbiylar odatda ehtiyotkor va konservativ qarorlarni ma’qul ko‘radi. Siyosiy rahbariyat esa ayrim hollarda tavakkal qilishga ham tayyor bo‘ladi.

Urushning dastlabki bosqichlarida Zelenskiy Rossiya nazoratidagi hududlarni qaytarib olish bo‘yicha ancha dadil strategiyalarni ilgari surgani aytiladi. Biroq bu rejalar harbiy rahbariyatning barcha vakillari bilan muhokama qilinmagan, faqat tor doiradagi mas’ullar xabardor bo‘lgan. Sirskiy esa klassik harbiy sifatida maksimal ehtiyotkorlik tarafdori edi. Menimcha, aynan shu ehtiyotkor yondashuv urushning ayrim bosqichlarida frontdagi turg‘unlikka ham sabab bo‘ldi.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.