Toshkent, 2026 yil 21 iyul, HUMO milliy to‘lov tizimi Aleksandr Yevgenevich Sotnikovning kompaniyaning boshqaruv raisi lavozimiga tayinlanganini ma’lum qiladi.
Ushbu tayinlov HUMO’ning strategik transformatsiya va rivojlanish jarayonining mantiqiy davomi bo‘ldi. 2026 yil may oyida Aleksandr Sotnikov kompaniya jamoasiga boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida qo‘shilgan bo‘lib, u yerda faoliyatning asosiy yo‘nalishlarini boshqargan va milliy to‘lov infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan strategik tashabbuslarni amalga oshirgan.
Aleksandr Sotnikov - to‘lov texnologiyalari, raqamli banking va milliy to‘lov tizimlarini rivojlantirish sohasida 25 yildan ortiq tajribaga ega taniqli mutaxassisdir.
HUMO’ga a’zo bo‘lgunga qadar Aleksandr Sotnikov Belarus Respublikasining bank va to‘lov sektorida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. U mamlakatdagi eng yirik protsessing markazi va "BELKART" milliy to‘lov tizimi operatori bo‘lgan "Bank protsessing markazi" OAJni boshqargan, "Belgazprombank" boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan, shuningdek, Belarus Respublikasi Milliy bankida faoliyat yuritgan, u yerda milliy to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish va moliya sektorini raqamli transformatsiya qilish, jumladan, zamonaviy raqamli to‘lov xizmatlarini joriy etish loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etgan.
«HUMO jamoasiga qo‘shilish qarorini qabul qilishda asosiy omillardan biri kompaniyaning ulkan maqsadlari va texnologik yetakchilikka intilishi bo‘ldi. Tizimlararo integratsiyalarini rivojlantirish istiqbollari, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish va HUMO’ning xalqaro mavqeini yanada mustahkamlash men uchun alohida qiziqish uyg‘otadi. Bu to‘plangan tajribani yangi bozorda qo‘llash va mintaqaning eng faol rivojlanayotgan to‘lov ekotizimlaridan birini rivojlantirishga hissa qo‘shish imkoniyatidir», - dedi Aleksandr Sotnikov.
Aleksandr Sotnikov rahbarligida HUMO zamonaviy to‘lov ekotizimini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etish hamda O‘zbekiston Respublikasidagi millionlab foydalanuvchilar, banklar va korxonalar uchun innovatsion moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan faoliyatini davom ettiradi.
Kompaniya Baxadirov Ulug‘bek Xojiturayevichga HUMO’ni rivojlantirish va milliy to‘lov tizimining mavqeini mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun minnatdorlik bildiradi.
Baxadirov U.X. rahbarligida HUMO mamlakat to‘lov infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator strategik muhim tashabbuslarni amalga oshirdi. Bu davrda kompaniya hamkorlik ekotizimini sezilarli darajada kengaytirdi, texnologik vakolatlarini mustahkamladi va milliy fintex infratuzilmasini yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Aleksandr Sotnikovning ushbu lavozimga tayinlanishi HUMO kompaniyasining milliy to‘lov tizimini rivojlantirish va uning xalqaro mavqeini mustahkamlash borasidagi uzoq muddatli strategiyasining bir qismidir. Kelgusi rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari qatoriga xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tizimlararo integratsiyalarni takomillashtirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda xizmatlaridan nafaqat O‘zbekistonda, balki uning tashqarisida ham foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
HUMO haqida
HUMO - O‘zbekiston Respublikasining milliy to‘lov tizimi va mamlakat moliyaviy infratuzilmasining muhim elementlaridan biri. Kompaniya banklar, biznes va millionlab foydalanuvchilarni birlashtirib, milliy va xalqaro to‘lov bozori uchun zamonaviy to‘lov texnologiyalari, raqamli xizmatlar va innovatsion yechimlarni rivojlantirishni ta’minlaydi.











