AQShning urush xarajatlari

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Eron bilan urush xarajatlari shu paytgacha 37,5 milliard dollarga yetganini ma’lum qildi. U shiddatli bombardimonlar qayta boshlanganidan beri birinchi marta qonunchilar qarshisida chiqish qilib, urush uchun shoshilinch moliyalashtirish so‘radi.

Hegset Vashingtondagi qonunchilarga 37,5 milliard dollar - urushning muayyan jihatlarini va 30 centyabrgacha kutilayotgan xarajatlarni o‘z ichiga olishini aytdi.

Pentagon bu raqamni qanday hisoblab chiqqani noma’lum. Mart oyida manbalar, Tramp ma’muriyatiga urushning dastlabki olti kuni kamida 11,3 milliard dollarga tushganini aytgandi.

Tramp o‘tgan oyda Kongressdan qo‘shimcha ravishda qariyb 90 milliard dollar so‘radi. Buning aksariyat qismi Eron mojarosi bilan bog‘liq bo‘lib, bu urushdan norozi va oraliq saylovlarga hozirlik ko‘rayotgan qonunchilar bilan qarama-qarshilikka zamin yaratdi.

AQSh va Isroil 28 fevralda Eronni bombardimon qilishni boshlaganidan beri ham respublikachi, ham demokrat qonunchilar Oq uy – ularni o‘z rejalari haqida xabardor qilmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Hegset qonunchilarga agar moliyalashtirish shoshilinch ravishda oshirilmasa, harbiy mashg‘ulotlarni qisqartirishga to‘g‘ri kelishini aytdi.

Urush Pentagonning qariyb 1 trillion dollarlik byudjyetini ham taranglashtirdi hamda harbiy xizmatchilarga oid masalalarni moliyalashtirishga xavf solmoqda. Shtab boshliqlari birgalikdagi qo‘mitasi raisi, general Den Keyn ushbu ehtimoliy xarajatlarni tan oldi. Uning aytishicha, harbiylarga maosh to‘lash yo‘lini topishsa-da, Pentagon texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari va kelajakdagi imkoniyatlarga sarmoya kiritishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.

Hegset qonunchilarni nafaqat qo‘shimcha mablag‘ ajratish so‘rovini, balki 2027 yil uchun 1,5 trillion dollarlik byudjyet so‘rovini ham tasdiqlashga chaqirdi.

Fransiyada ijtimoiy tarmoqlar taqiqi

Fransiya parlamenti 2027 yilning yanvar oyidan e’tiboran 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash haqidagi qonunni ma’qulladi. Bu bilan rasmiy Parij yoshlarning ushbu platformalardan foydalanishini cheklagan Yevropadagi birinchi mamlakatga aylandi.

Qonun Fransiyadagi har bir foydalanuvchidan ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun o‘z yoshini tasdiqlashni talab etadi. Taqiq ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • Sentyabr oyidan e’tiboran: 15 yoshga to‘lmagan shaxslar yangi akkaunt ocha olmaydi hamda barcha yangi akkauntlar uchun yoshni tasdiqlash majburiy bo‘ladi.
  • 2027 yil yanvar oyidan: ushbu qoida mavjud barcha akkauntlarga nisbatan qo‘llanadi. Bu Fransiyadagi har bir kishi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun 15 yoshdan oshganini isbotlashi kerakligini anglatadi.

Taqiq kuchga kirgach, ijtimoiy tarmoq platformalari Fransiya maxfiylikni tartibga soluvchi organi tomonidan tasdiqlangan yoshni tasdiqlash vositalaridan foydalanishi shart bo‘ladi.

Biroq AFP'ga ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligi, yoshni tasdiqlash vositalarining samaradorligi, yoshlar ushbu taqiqlarni chetlab o‘tish xavfi hamda taqiq nihoyatda shoshilinch ishlab chiqilgani yuzasidan xavotirlar bor.

So‘nggi bir necha oy ichida Yevropada yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklovchi qonunchilik shiddat bilan rivojlanmoqda. Fransiya Avstraliyadan keyin bunday taqiqni joriy etgan dunyodagi ikkinchi mamlakat bo‘ldi.

Taqiqning ishlash samaradorligidan tashqari qo‘shimcha xavflari ham bor. Masalan, yoshlarni kamroq tartibga solinadigan onlayn hududlarga surib qo‘yish, ularning siyosiy faolligini kamaytirishi mumkin.

Bolonyada namoyishlar

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Bolonyada 42 yoshli marokashlik Abdurrahim Fakirning politsiya ushlashi chog‘idagi o‘limi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazishga chaqirdi.

«Bolonyada yuz bergan voqea - qabul qilib bo‘lmas holat», deb yozdi u. Meloni, shuningdek, Fakirning o‘limi sababli kelib chiqqan namoyishlar davomida boshlangan tartibsizliklarni ham qoraladi.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar chog‘ida 11 kishi jarohat olgan, ulardan besh nafari namoyishchilar. Biroq Italiya politsiyasi jarohatlangan huquq-tartibot xodimlari soni bir necha o‘n kishini tashkil etishini aytdi.

O‘tgan yakshanba kuni marokashlik tadbirkor Abdurrahim Fakir politsiya tomonidan ushlanishi vaqtida halok bo‘lgandi. Hodisani mahalliy fuqaro videoga olgan: tasvirlarda ikki politsiyachi bir erkakni yuzi bilan yerga bosib turgani, u esa yordamga chaqirib, nafas ololmayotganini aytayotgani ko‘rinadi. Birmuncha vaqt o‘tgach, u gapirishdan va harakatlanishdan to‘xtaydi. Videoda, shuningdek, sodir bo‘layotgan voqeaga umuman aralashmayotgan to‘rt nafar tibbiyot xodimi ham ko‘rinadi.

Politsiyachilar Fakirni ushlash vaqtida qalampir gazidan foydalangan. Uning tanasida, bosh va yuz qismida jarohatlar qayd etilgan. Italiya prokuraturasi ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘ldirish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Halokat tasvirlangan videoyozuv Bolonyaning yuzlab aholisini ko‘chalarga chiqishga majbur qildi va bu aksiya politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Ukrainada yangi tayinlov

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyni iste’foga chiqardi. Uning o‘rniga general mayor Mixail Drapatiy Ukraina Qurolli Kuchlari yangi bosh qo‘mondoni bo‘lishi e’lon qilindi. U 2025 yil iyun oyidan beri armiya Birlashgan kuchlariga rahbarlik qilib kelayotgandi.

«Hammamizning yagona istagimiz - dushman ustidan g‘alaba qozonish. Frontda va Rossiyaga tazyiq o‘tkazishda uni tinchlikka majbur qiladigan sharoitlarni yaratishdir», dedi Zelenskiy kechki videomurojaatida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror armiyani rivojlantirish masalalari muhokama qilinganidan so‘ng qabul qilingan. Zelenskiy Aleksandr Sirskiyga xizmati uchun minnatdorlik bildirdi.

Yangi qo‘mondon Drapatiy 43 yoshda, 2016 yilda u «Ukraina xalq qahramoni» ordeni bilan mukofotlangan.

Mixail Drapatiyni lavozimiga tayinlashni - mudofaa vaziri Mixail Fyodorov iste’fosidan so‘ng Ukrainada boshlangan ommaviy namoyishchilarning ayrimlari talab qilayotgandi.

Afg‘onistonda suv toshqinlari

Hafta boshida Afg‘oniston sharqida yuz bergan shiddatli suv toshqinlari oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, 80 kishi tan jarohati oldi va 100 dan ortiq kishi bedarak yo‘qoldi.

Tabiiy xatarlarni boshqarish milliy agentligi vakili Yusuf Hammad yo‘qolganlarni topish hamda ularni xavfsiz joyga ko‘chirish bo‘yicha qutqaruv operatsiyasi olib borilayotganini bildirdi.

«Afsuski, bugun Porun shahri va Nuriston viloyatining boshqa bir qancha hududlarida yuz bergan shiddatli toshqinlar katta talafotlar va mulkiy yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi», dedi Hammad. Uning aytishicha, aholining uylari, ekin maydonlari va jamoat ob’yektlariga jiddiy zarar yetgan.

Afg‘onistonda davom etgan o‘n yillik mojarolar hamda xorijiy investitsiyalarning to‘xtashi toshqinlarning oldini olish infratuzilmasini ayanchli ahvolga keltirib qo‘ygan. Iqlim o‘zgarishining oqibatlari esa ushbu muammolarni yanada og‘irlashtirgan.

«Tolibon» rasmiylarining ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda mamlakatdagi 10 ta hududda kuchli yomg‘ir, momaqaldiroq va shiddatli shamollar davom etishi kutilmoqda.