Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs mahalliy tadbirkordan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlanishicha, u tadbirkor tomonidan Chilonzor tumanidagi 37 sotix yer maydonida nodavlat umumta’lim hamda maktabgacha ta’lim muassasalari qurilishi rejalashtirilganidan xabar topgan.

Ushbu shaxs mazkur hududda yashovchi aholi va turli tashkilotlar orqali qurilish jarayonlariga faol to‘sqinlik qilishini aytgan hamda go‘yoki o‘zini qurilish qilayotgandek ko‘rsatib, fuqarolarni «tinchlantirish» evaziga tadbirkordan 360 ming AQSh dollari talab qilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.