Bu haqda “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Umrbek Yusupov so‘z yuritishdi.

Kamoliddin Rabbimov: Angliya siyosiy tizimi parlamentar modelga asoslangan. Bu tizimda asosiy hokimiyat parlament qo‘lida bo‘ladi. Har besh yilda parlament saylovlari o‘tkaziladi va konstitutsiyaviy an’anaga ko‘ra monarx, hozirgi qirol Charlz III davlat boshlig‘i sifatida faqat ramziy rol bajaradi, siyosiy boshqaruvga aralashmaydi.

Saylovda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgan partiya hukumatni shakllantiradi. Ya’ni o‘sha partiya yetakchisi bosh vazirga aylanadi va Vazirlar Mahkamasini tuzadi. Shu bilan birga, partiya ichki demokratiyasi ham muhim rol o‘ynaydi. Bosh vazir besh yillik muddat davomida bir necha bor o‘zgarishi mumkin, chunki hukmron partiya ichida yetakchilik uchun raqobat doimiy davom etadi.

Masalan, Kir Starmer so‘nggi ikki yil davomida bosh vazir sifatida faoliyat yuritdi. Biroq may oyida o‘tkazilgan mahalliy saylovlarda Leyboristlar partiyasi jiddiy mag‘lubiyatga uchradi. Bu natijalar fonida Nayjl Faraj yetakchiligidagi o‘ng partiya sezilarli darajada kuchaydi va siyosiy muvozanatga ta’sir ko‘rsatdi. Shuning uchun Leyboristlar partiyasi ichida yangi yetakchilar o‘z dasturlarini taklif qilmoqda. Ular mamlakatda ishonch pasayayotganini ta’kidlab, yangi siyosiy yo‘nalishlar bo‘yicha aniq rejalar ilgari surmoqda. Partiya vakillari jamoatchilik fikri va so‘rovlar asosida o‘zlaridan bo‘lgan qaysi siyosatchi va g‘oyalar ko‘proq qo‘llab-quvvatlash olayotganini o‘rganadi va partiya ichkarisida siyosiy kursni o‘zgartirish imkoniga ega.

Endi Byornem markazlashgan boshqaruvni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda. Uning fikricha, hokimiyat haddan tashqari markazlashib ketgan va vakolatlarning bir qismini hududlarga, mahalliy boshqaruv organlariga berish kerak. Hozircha bu borada konseptual yondashuv ishlab chiqilmoqda.

Leyboristlar partiyasi ijtimoiy tenglik va himoya g‘oyalarini ilgari suradi. Jumladan, yaqinda uysiz fuqarolar muammosini hal qilish bo‘yicha tashabbuslar ko‘tarildi. Unga ko‘ra, pandemiya davrida bu masalada muayyan natijalarga erishilgan bo‘lsa, hozir ham shunday choralarni amalga oshirish mumkin. Umuman olganda, Angliyadagi parlamentar tizim partiya ichki mexanizmlari orqali siyosatni moslashuvchan tarzda o‘zgartirish imkonini beradi.

Umrbek Yusupov: Endi Byornem ijtimoiy yo‘nalishga urg‘u beradigan siyosatchi sifatida tanilgan. U olib borgan ijtimoiy siyosat amalda ijobiy natijalar bergani uchun ham jamoatchilik orasida mashhurligi yuqori.

Katta Manchester meri sifatidagi faoliyati davomida London markazlashuviga qarshi chiqqani va shimolga ko‘proq investitsiya, vakolat va moliyaviy mustaqillik berish talablari tufayli uni “shimol qiroli” deb ham atashadi.

Hozirgi siyosiy vaziyatda, o‘ta o‘ng qarashlarga ega Nayjl Faraj kuchayib borayotgan bir paytda, unga muvozanatli raqib sifatida aynan Byornem ko‘rilmoqda. Oddiy saylovchilar orasida ham unga teng darajada qarshilik ko‘rsata oladigan figuradan biri shu. Saylovchilar uchun tanlov doirasi unchalik keng emas edi va Leyboristlar partiyasi muayyan darajada shu omilni inobatga olishga majbur bo‘ldi.

So‘nggi o‘n yil ichida Buyuk Britaniyada hukumat tez-tez almashdi. Devid Kemeron, Boris Jonson, Liz Tras va Rishi Sunak davrlarida siyosiy beqarorlik kuzatildi. Shu fonda Kir Starmerning ikki yillik bosh vazirlik davri nisbatan barqarorroq ko‘rinadi.

Byornemning so‘nggi bayonotlari shuni ko‘rsatadiki, tashqi siyosatda keskin burilishlar kutilmaydi. Xususan, u Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasida qat’iy pozitsiyani saqlab qolishini, hatto bu yordamni kengaytirish mumkinligini ta’kidladi. Bu esa amaldagi tashqi siyosiy yo‘nalish davom etishini anglatadi.

Yevropa tomonida ham ijobiy signal kuzatilmoqda. Yevropa Kengashi rahbari Antoniu Koshta o‘z bayonotida Bryussel Buyuk Britaniya bilan Brexit’dan keyin shakllangan yaqinlashuvni davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalarda iliqlik oshgani kuzatilyapti.

Ijtimoiy-iqtisodiy nuqtayi nazardan qaralganda, Yevropa Ittifoqi institutlari ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatga ko‘proq e’tibor beradi. Shu sababli Byornem yetakchiligida Buyuk Britaniyaning Yevropa bilan yaqin hamkorligi davom etishi ehtimoli yuqori.

Ichki siyosatda esa asosiy e’tibor hududlar o‘rtasidagi tafovutni kamaytirishga qaratiladi. Mintaqalar va shaharlar o‘rtasida yashash darajasini tenglashtirish masalasi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Hozir umumiy saylovlar muddati – 2029 yil avgustgacha hali ancha bor. Nayjl Faraj uchun muddatidan oldin saylov o‘tkazish foydali bo‘lishi mumkin edi, chunki so‘rovlar unga yuqori natijalar va’da qilmoqda. Biroq hozircha bunday ssenariy amalga oshmadi. Natijada hozirgi vaziyat Leyboristlar uchun ma’lum darajada nafas rostlash imkonini bermoqda.

Byornem siyosiy maydonga chiqishi va uning nisbatan yuqori reytingi partiyaga qo‘shimcha tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, keskin burilishlar emas, balki bosqichma-bosqich o‘zgarishlar kutilmoqda. Yakuniy baho esa keyingi parlament saylovlari natijalariga qarab beriladi. Hozircha esa bu siyosiy kurs qanchalik samarali bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.