Toshkent viloyatining Nurafshon va Olmaliq shaharlarida yangi hokimlar ish boshladi.
Dastlab Nurafshon shahrida Xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rilib, shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Ilhom Mahmudjonovich Qilichxonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Nurafshon shahar hokimi lavozimiga Qobil Murodqulovich Hamdamov nomzodini tavsiya qildi.
Xalq deputatlari Qobil Hamdamovni shahar hokimi etib tasdiqlashdi.
U 2020 yil oktyabridan buyon Olmaliq shahar hokimi vazifasida ishlab kelayotgandi.
Shu kuni Olmaliq shahrida ham Xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda tashkiliy masala ko‘rilib, Nurafshon shahri hokimligiga o‘tgan Qobil Hamdamov o‘rniga Olmaliq shahri hokimi lavozimiga shu vaqtga qadar Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Barhayot Baxtiyorjonovich Meliyev nomzodi tavsiya qilindi.
Deputatlar Barhayot Meliyevni Olmaliq shahri hokimi etib tasdiqlashdi.
Ma’lumot uchun, Ilhom Qilichxonov Nurafshon shahriga 2023 yil aprelidan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi. Joriy yil aprelida prezident videoselektorida boshqa bir necha hudud hokimlari bilan bir qatorda u ham tanqidga uchragan, davlat rahbari bu hokimlarning lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergandi.
U endi qaysi ishga o‘tkazilgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.










