Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga (NKMK) qarashli Muruntov konida ayanchli YTH sodir bo‘ldi. Kombinat matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

YTH 21 iyul kuni soat 5:30 lar atrofida kon hududida «SAT-783» avtoag‘dargichi va yengil avtomobil (xizmat mashinasi) ishtirokida sodir bo‘lgan. Xizmat mashinasi burilish joyida «SAT-783» yo‘liga chiqib ketgani aytilmoqda.

Screenshot_1

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda «SAT-783» yengil avtomobilni bosib, ezib o‘tib ketgani ko‘rinadi. Oqibatda unda bo‘lgan 2 nafar ishchi (biri haydovchi) og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida halok bo‘lgan.

“Nazorat qiluvchi davlat tashkilotlari tomonidan maxsus tekshirish olib borilib, yo‘l-transport hodisasining sodir bo‘lish holatlari va kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda. Kombinatning mas’ul tegishli xizmatlari xodimlari tomonidan bunday noxush hodisalarning oldini olish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, deyiladi kombinat rasmiy munosabatida.

Hozirda holat yuzasidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.