Endi “o‘zimizniki” bor
O‘zbekistonda ko‘plab odamlar chuv tushgan moliyaviy piramidalarning barchasi bir xil sxemada ishlagan: investitsiya kiriting, kunlik daromad oling va boshqalarni taklif qilish evaziga bonuslarga ega bo‘ling. Aslida, moliyaviy piramidalarni ayni shu uch ustun “ko‘tarib turadi”.
Bunday loyihalar biror aldovga asoslanadi. Masalan, “Parker” powerbank ijarasi, Whats, Aif, HNK va XCM kabi moliyaviy piramidalar video tomosha qilish, OMD kitob o‘qish, FastAI robot sotib olish orqali pul ishlash taklifi bilan tanilgandi.
Bu platformalarning hammasi chet elda ro‘yxatdan o‘tkazib kelingan. Masalan, “organ” xodimlari ham targ‘ibotiga qo‘shilgan XCM moliyaviy piramidasi sayti Kanada davlatida Singapur uyali aloqa raqami orqali ro‘yxatga olingani aniqlangan.
Endilikda odamlarni chuv tushirishga qaratilgan va moliyaviy piramidaga asoslangan sayt uz domenida ham paydo bo‘ldi. Bu – diram.uz sayti.

Uslub qanday?
Har bir moliyaviy piramida o‘z aldov uslubiga ega bo‘ladi. Diram an’anaviy usullar hisoblangan video tomosha qilish, kitob o‘qish yoki biror buyum ijarasini emas, mevali daraxt niholini sotib olib, “bog‘ yaratish”ni taklif etadi.

Biroq, bu haqiqiy bog‘ emas, shunchaki depozit qo‘yish, kunlik daromad va bonus va’dalari ana shu uslub ortiga yashirilgan.
Depozit qo‘yish – diram’da bu mevali daraxt niholini sotib olish bilan ifodalanadi. Mevali daraxtlar soni 5 ta. Ular meva turiga qarab narxi oshib borgan. Masalan, eng arzoni o‘rik. Ushbu daraxt niholini 100 ming so‘mga “sotib olish” (aslida, bu tikiladigan pul) mumkin.

Shu tariqa, 300 ming so‘mga anor, 1 mln so‘mga shaftoli, 3 mln so‘mga yong‘oq hamda 5 mln so‘mga pista nihollarini olish taklif etilgan. Garchi mevalar nomi bilan atalgan bo‘lsa-da, bular moliyaviy piramida ta’riflari hisoblanadi.


Kunlik daromad – “o‘tqazilgan” nihol bir kundayoq “mevaga kirishi” va daromad keltirishi va’da qilingan. Masalan, yong‘oq niholi 35 kun “o‘sadi” va shu davrda umumiy 112 foiz “hosil beradi”. Bu “3 mln so‘m investitsiya kiritsangiz 35 kunda 3 mln 360 ming so‘m qilib qaytarib olasiz”, degan gap.

Bonus va’dasi – barcha moliyaviy piramidalarda bo‘lgani kabi diram’da ham boshqalarni jalb qilganlik uchun bonuslar taklifi bor.

Bundan tashqari, hududlar kesimida diram bog‘larini tashkil etish taklifi berilgan.


Drm – yashil valyuta
Saytda tikilgan pulni chiqarib olish “mevalarni sotish” uslubida niqoblangan. Ya’ni, saytda ro‘yxatdan o‘tilgach, nihol sotib olinadi. Buning to‘lovi saytdagi shaxsiy kabinetdan drm (dollarga tenglashtirilgan to‘lov birligi) orqali to‘lanadi. So‘ngra bu daromad kartaga chiqarib olinadi.

Ortida kim turibdi?
Kun.uz O‘zbekistonda ochiq-oshkora faoliyat yuritayotgan ushbu moliyaviy piramida ortida kim turganiga qiziqib ko‘rdi.
Ochiq manbalarga ko‘ra, diram.uz sayti 2026 yil aprel oyi oxirida Eskiz IT kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Best Internet Solution” XK tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Tahririyat holatga aniqlik kiritish maqsadida Eskiz IT kompaniyasi bilan bog‘landi. Kompaniya operatori diram.uz “Best Internet Solution” tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilganini tasdiqladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, mijoz Madrahimova Madina Alimovna ismli shaxs bo‘lgan.
Kun.uz surishtiruv davomida diram.uz sayti ortida buxorolik IT mutaxassisi Rofiyev Husniddin Hasan o‘g‘li turganini aniqladi va u bilan bog‘landi.
Husniddin Rofiyevga ko‘ra, diram moliyaviy piramida emas.
“O‘zim IT sohasida mutaxassisman. Bu saytni o‘zim ishlab chiqqanman. Hozirda texnik kamchiliklari ustida ishlayapman, to‘liq ishga tushmagan. Ro‘yxatdan o‘tganlar xohlasa depozit kiritib ishlasin, xohlasa odam kiritib. Uning daromadi faqatgina taklif qiladigan odamiga bog‘liq bo‘lib qolmayapti. Shu sababli, bu moliyaviy piramida emas.
Taklif etilayotgan daraxt nihollarini ro‘yxatdan o‘tuvchi emas, men ekaman. Bu bog‘lar haqiqatdan tashkil qilinadi. Men shunchaki virtual bog‘ qilmoqchi emasman”, deydi Rofiyev.
Saytda keltirilgan va’dalarga ko‘ra, bugun sotib olingan nihol ertaga daromad keltira boshlaydi. Bu pul qayerdan qoplanadi, degan savolga Husniddin Rofiyev o‘z mablag‘imdan, deya javob qaytardi. Uning bildirishicha, 5,3 mlrd so‘m shaxsiy jamg‘armasi bor va va’da qilinayotgan daromad ayni shu puldan qaytariladi.
“Ro‘yxatdan o‘tib, tarif sotib olganlarning puli firmamning hisob raqamiga kelib tushadi. Bu ishlarni soliqdan ruxsat olgan va ularga taqdim qilgan holda boshlaganman”, deydi loyiha asoschisi.
Husniddin Rofiyev loyihasi moliyaviy piramida emasligini bot-bot takrorladi. Biroq uning aytganlari hech bir iqtisodiy qonuniyatlarga to‘g‘ri kelmaydi.
Ochiq manbalarga ko‘ra, Husniddin Rofiyev 2023 yil noyabr oyida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “TXKA” MChJ ta’sischisi hisoblanadi.
“Tozalov” va chora kerak
O‘zbekistonda moliyaviy piramida sayti bu shaklda oshkora faoliyat yurita boshlagani jiddiy signal. Biri yopilsa boshqasi ochilayotgan shubhali yopiq platformalar, tarmoqli marketing niqobi ostida odamlar pulini o‘zlashtirayotgan soxta tadbirkorlar bo‘yicha “tozalov” o‘tkazilib, keskin choralar belgilanmas ekan, bu og‘ir oqibatlarga olib borishi mumkin.











