Husiylar Saudiyaga dengiz qamalini joriy etdi

Yamandagi Eron bilan ittifoqdosh husiylar dushanba kuni Saudiya Arabistoniga nisbatan dengiz qamalini joriy etdi. Bu AQSh va Eron o‘rtasidagi urushda yangi front ochishi hamda global savdo uchun xavflarni oshirishi mumkin.

Husiylar bayonotida saudiyaliklar tomonidan Yamanga nisbatan joriy etilgan «adolatsiz va zolimona qamal»ga javoban «dushmanga qarshi darhol kuchga kiradigan dengiz embargosi» e’lon qilingan.

Yamandagi Saudiya boshchiligidagi koalitsiya esa husiylarga kuch bilan javob qaytarishini bildirdi. Shuningdek, Saudiya neftining asosiy eksport yo‘liga aylangan Bob al-Mandab bo‘g‘ozida kemalarni himoya qilish harakatlari boshlangan.

Husiylar ushbu bayonotni Tehron va Vashington o‘rtasida hujumlar kuchayib borayotgan vaqtda berdi. Husiylar bayonotidan keyin neft narxi o‘ynashni boshladi. Qizil dengiz orqali yuk tashishning sug‘urta qiymati qimmatlashdi.

Agar bu bo‘g‘oz ham to‘liq yopilsa, global neft yetkazib berish 7 foizga qisqaradi. Chunki bu Saudiya neft eksportining aksariyat qismini mintaqani tark eta olmaydigan qilib qo‘yadi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozini Eron yopgani uchun allaqachon dunyo bo‘yicha yetkazib berish 10 foizga kamaygandi.

AQSh va Eron o‘rtasida tiklangan harbiylar harakatlar o‘ninchi kunki davom etmoqda. AQSh Eron shaharlarini bombardimon qilyapti. Muhofizlar korpusi esa Ko‘rfazdagi AQSh bazalarini va bo‘g‘ozdan ruxsatsiz o‘tayotgan kemalarni nishonga olmoqda.

AQSh o‘ldirilgan 3 nafar harbiysi ma’lumotlarini e’lon qildi. «Eron har safar amerikalik askarni o‘ldirganda bu qotillik uchun bir necha barobar ortiq haq to‘laydi», deb yozdi Tramp.

Shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vazirligi vositachilar Tehronga «takliflar» taqdim etganini ma’lum qilib, diplomatik aloqalar faol ekaniga ishora qildi, biroq tafsilotlarni keltirmadi. Shu kunlarda Eron ichki ishlar vaziri keyingi muzokaralar uchun Islomobodga yetib kelgan.

Tramp Netanyahu himoyasiga shay

Prezident Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQShga tashrif buyurganida hech qanday shaklda hibsga olinmasligini aytdi. Netanyahu an’anaviy ravishda har yili sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining yillik yig‘ilishi uchun Nyu Yorkka keladi.

Bir necha kun avval Nyu York shahri meri Zohran Mamdani New York Times'ga bergan intervyusida shahar yuridik departamenti qonunchilik nimaga ruxsat berishini faol ko‘rib chiqayotganini aytgandi.

«Men bosh vazir Netanyahuning joyi Haagada deb hisoblayman. U Xalqaro jinoiy sud tomonidan ayblangan harbiy jinoyatchidir», dedi Mamdani.

Tramp esa o‘zining postida Mamdanini tilga olmadi, biroq Isroilning Eron urushida ko‘rsatgan yordamini alohida e’tirof etdi.

Xalqaro jinoiy sud 2024 yilda G‘azodagi genotsid urushida sodir etilgan taxminiy harbiy jinoyatlar uchun Netanyahuni hibsga olishga order bergandi. Isroil esa sud yurisdiksiyasini rad etadi va harbiy jinoyatlar sodir etganini inkor qiladi.

Yaponiyaning yadroviy da’volari

Yaponiya mudofaa vaziri Shinjiro Koizumi yadro quroli masalasini muhokama qilishni boshlash zarurligini aytdi. Mamlakat «ushbu muammoni chetlab o‘tolmaydi», dedi vazir yakshanba kungi chiqishida.

Mahalliy OAVlarga ko‘ra, mudofaa vazirining ushbu bayonoti - rasmiy Tokio yil oxirigacha milliy xavfsizlik sohasidagi asosiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish rejalari bilan bog‘liq.

Yadroviy munozaralarga ruxsat berish zarurligi haqida gapirarkan, Shinjiro Koizumi Finlandiya va Fransiyani misol qilib keltirdi. Iyun oyida Finlandiya parlamenti milliy mudofaa maqsadlarida mamlakatga yadro qurolini olib kirishga ruxsat bergandi. Fransiya esa mart oyida yadroviy kallaklar sonini ko‘paytirishini ma’lum qilgan.

Yaponiya shu vaqtgacha AQShning «yadroviy soyaboni»ga tayanib kelgan. Vazirning baholashicha, endilikda uning mamlakati uchun xavfsizlik sohasidagi vaziyat keskinlashgan. Shu sababli Tokio «ba’zi mavzularni muhokama qilishdan qochmasligi» kerak.

Yaponiya - yadroviy hujumga uchragan yagona mamlakat bo‘lib, u 1967 yildan beri uchta tamoyilga amal qilib keladi: yadro qurolini ishlab chiqarmaslik, unga ega bo‘lmaslik va uni o‘z hududiga olib kirmaslik.

Hamasda yangi yetakchi

Hamas qarshilik guruhi dushanba kuni Xalil al-Hayyani o‘zining umumiy yetakchisi etib tayinladi. Al-Hayya 2024 yil oktyabr oyida Isroil bilan jangda halok bo‘lgan Yahyo Sinvarning o‘rnini egallaydi.

Guruhning surgundagi rahbari va bosh muzokarachisi bo‘lgan al-Hayya Hamas rahbariyatida tobora markaziy figuraga aylanib borayotgandi. U yetakchilik uchun boshqa bir asosiy nomzod bo‘lgan Xolid Mashalga nisbatan qat’iyroq pozitsiyada deb ko‘riladi. Al-Hayya 2025 yilda Dohada Isroil hujumi nishoniga aylangandi.

Sinvar o‘ldirilganidan beri Hamas - besh kishilik Oliy kengash tomonidan boshqarib kelinayotgan edi. Reutersʼning yozishicha, tanlov - G‘azo, bosib olingan G‘arbiy sohil hamda surgundagi a’zolaridan tashkil topgan 50 kishilik kengash tomonidan amalga oshiriladi.

Hamas 1987 yilda tashkil etilganidan beri eng og‘ir qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Guruh ikki yillik urushda katta yo‘qotishlarga uchragan va qurolsizlanish bo‘yicha xalqaro talablarga ro‘para kelmoqda.

G‘azoda Isroil bilan sulhga kelishganiga qaramay, Isroil hali ham sektorning 60 foizdan ortig‘ini nazoratda tutib turibdi va hujumlarni davom ettirmoqda. G‘azoning 2 million aholisi uchun sharoitlar og‘irligicha qolmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Rossiyaning Odessa qirg‘oqlari yaqinidagi yuk kemasiga bergan zarbasi oqibatida halok bo‘lganlar soni 10 kishiga yetdi. Ukraina Harbiy havo kuchlarining ma’lum qilishicha, Gvineya-Bisau bayrog‘i ostidagi kemaga yakshanba kuni Rossiya qanotli raketalari zarba bergan.

Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi butun tun davom etdi. Dushanba kuni ertalab Ukraina dengiz portlari ma’muriyati ekipajning to‘qqiz nafar a’zosi hamda bir nafar uchuvchisi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Keyinchalik Hindiston hujumda o‘zining to‘rt nafar fuqarosi halok bo‘lganini bildirdi.

So‘nggi haftalarda Odessa viloyati uzluksiz hujumlarga uchramoqda. Birgina iyul oyida hududga berilgan Rossiya zarbalari oqibatida 28 kishi halok bo‘lgan.

Dengiz orqali amalga oshiriladigan taxminan 9 milliard dollarlik eksport Ukraina qishloq xo‘jaligi uchun muhim daromad manbaidir. Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyaning yuk kemalariga hujumlarni ko‘paytirishi, ehtimol, xorijiy kompaniyalarni Ukraina mahsulotlarini sotib olishdan qaytarishga qaratilgan.

O‘z navbatida, Ukraina ham Qora dengiz va Azov dengizidagi Rossiya ob’yektlariga hujumlarini kuchaytirdi. Ukraina dron kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdi iyul oyida Rossiyaning 183 ta kemasiga hujum qilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Kiyev Moskva viloyatidagi logistika ob’yektlari va neft bazasiga zarba berishda davom etmoqda. Moskva meri Sergey Sobyaninga ko‘ra, Ukraina dushanbaga o‘tar kechasi viloyat tomon 400 ta dron uchirgan, ularning aksariyati urib tushirilgan.

Britaniya hukumatida o‘zgarishlar

20 iyul kuni lavozimga kirishgan Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri Endi Bornham hukumatda bir qator kadrlar almashinuvini o‘tkazdi.

Xususan, moliya vaziri lavozimiga Buyuk Britaniyaning sobiq mudofaa vaziri Jon Xili tayinlandi. Iyun oyida u Starmer mudofaaga yetarlicha sarmoya kiritmayotganini aytib, mudofaa vazirligidan ketgandi.

Tashqi ishlar vaziri lavozimini Ed Milibend egalladi. Starmer kabinetida u energetika xavfsizligi vaziri lavozimida ishlagan. Ichki ishlar vaziri lavozimiga Shabana Mahmud qayta tayinlandi.

Va’da qilganidek, Bornham Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilib, Britaniyaning Ukrainaga yordami va Rossiyaga bosim o‘tkazish kompaniyasi mutlaqo o‘zgarmasdan qolishini ta’kidladi.

Shuningdek, Britaniya rahbari AQSh prezidenti Donald Trampga qo‘ng‘iroq qilib, futbol bo‘yicha jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Bosh vazir mudofaa masalalariga sodiqligini aytib, Britaniya hamda uning ittifoqchilari xavfsizligini ta’minlash uning kun tartibidagi ustuvor vazifa ekanini bildirgan.