Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 iyul kungi selektorda banklarning mahalladagi ishidan mutlaqo norozi ekanini bildirdi.

Davlat rahbari Markaziy bankning viloyatlardagi rahbarlari va davlat banklari filiallari boshliqlarining faoliyatiga qat’iy e’tiroz bildirdi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, viloyat va tuman banklari hamda mahalla uyushmalari uchun bu yil sinov va amaliy attestatsiya yili bo‘ladi. Keyingi uch oyda natija qilgan rahbar ishida qoladi, o‘zgarish qilmagani esa lavozimini tark etadi.

Bosh prokuratura va Hisob palatasiga har bir mahallada qanday ish ketayotgani, qanday o‘zgarish bo‘layotganini nazorat qilish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, mahallalarda ozodalik, yashash madaniyati va hovlilar bilan ishlash masalalari ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Hovli uylarni ham boshqaruv kompaniyalari faoliyati bilan qamrab olish muhimligi qayd etildi.