Xususan, mamlakatimizda ham Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan yirik sanoat loyihalaridan biri – O‘zbekiston texnologik metallar kombinatining TMK Chemicals loyihasi ishga tushadi. Loyiha Navoiy viloyati Karmana tumanida (hududi 6 gektar) barpo etilayotgan zamonaviy sulfat kislota ishlab chiqarish korxonasidir.
Korxona yiliga 500 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, nafaqat ichki ehtiyojni ta’minlash, balki tog‘-kon va metallurgiya sanoati uchun uzluksiz xomashyo bazasini shakllantirish, import o‘rnini bosish hamda eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Sulfat kislota nega muhim mahsulot?
Sulfat kislota dunyoda eng ko‘p ishlab chiqariladigan sanoat kimyoviy mahsulotlaridan biri hisoblanadi. Hatto ayrim iqtisodchilar mamlakat sanoatining rivojlanish darajasini sulfat kislota ishlab chiqarish hajmi orqali ham baholashadi.
U quyidagi yo‘nalishlarda asosiy reagent hisoblanadi:
uran qazib olish va qayta ishlash;
rangli va nodir metallarni boyitish;
gidrometallurgiya;
mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish;
kimyo sanoatining o‘nlab yo‘nalishlari.
Elektr transporti, qayta tiklanuvchi energetika va kritik minerallarga talabning ortishi sulfat kislotaga bo‘lgan global ehtiyojni ham izchil oshirib bormoqda.
Zamonaviy texnologiyalar asosidagi loyiha
Loyihaning umumiy qiymati 54,5 million AQSh dollarini tashkil etadi. Qurilish ishlari dunyoning yetakchi injiniring kompaniyalaridan biri – CITIC Construction bilan amalga oshirilmoqda.
Korxonada texnik oltingugurt zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, yuqori tozalikdagi sulfat kislota ishlab chiqariladi. To‘liq avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish tizimi issiqlik va gaz oqimlaridan maksimal foydalanish imkonini berib, energiya samaradorligini oshiradi hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlaydi. Shuningdek, korxona yiliga 152 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hudud iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar
Loyiha nafaqat sanoat ishlab chiqarish hajmini oshiradi, balki hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ham yangi sur’at bag‘ishlaydi. Korxona ishga tushishi bilan 220 ta yangi, barqaror ish o‘rni yaratiladi. Bu mahalliy aholi bandligini oshirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash va oilalar daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda TMK Chemicals tomonidan korxonaga xizmat ko‘rsatadigan 2,5 kilometrlik temiryo‘l tarmog‘ini barpo etish ishlari yakunlandi. Bu tayyor mahsulotlarni mamlakat bo‘ylab hamda Markaziy Osiyo davlatlariga tezkor yetkazib berish imkonini yaratadi.

Sanoat rivoji – iqtisodiy taraqqiyot omili
Hisob-kitoblarga ko‘ra, korxona ishga tushirilgach mahsulot qiymati bosqichma-bosqich ortadi.
2026 yilda – 7,5 million dollar;
2027 yilda – 27 million dollar;
2028 yildan boshlab – 30 million dollardan ortiq.
Davlat byudjyetiga tushadigan soliq tushumlari ham oshishi prognoz qilinmoqda.
2026 yilda – 4,9 milliard so‘m;
2027 yildan boshlab – 8,6 milliard so‘mdan ortiq.

Yiliga 500 ming tonna quvvatga ega ushbu korxona ishga tushirilishi O‘zbekistonning tog‘-kon, metallurgiya va kimyo sanoati o‘rtasidagi ishlab chiqarish zanjirini yanada mustahkamlaydi. Loyiha mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga xizmat qilishi bilan Mustaqillikning 35 yilligiga munosib tuhfa bo‘lishi, shubhasiz.
Reklama huquqi asosida







