Madaniy meros agentligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Moviy gumbazlar» kafesidagi ta’mirlash ishlari haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan mazkur kafe Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi 846-son qarori bilan tasdiqlangan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, modernizm me’morchiligi namunasi sifatida davlat muhofazasiga olingan.
Madaniy meros agentligi mas’ullari 20 iyul kuni kechqurun ob’yektda o‘rganish ishlarini o‘tkazgan. Tekshiruv davomida binoga tegishli tom qismida vakolatli organ bilan belgilangan tartibda kelishilmagan holda ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘lgan.
Aniqlangan qonunbuzilish yuzasidan mas’ullar tomonidan ta’mirlash ishlari darhol to‘xtatildi.
Shuningdek, ob’yekt mas’ullariga madaniy meros ob’yektlarida har qanday ta’mirlash, rekonstruksiya yoki qurilish ishlari faqat vakolatli organlarning tegishli ruxsati va belgilangan tartibdagi kelishuvlar asosida amalga oshirilishi lozimligi tushuntirildi. Ularga qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar ham berildi.
Madaniy meros agentligi davlat muhofazasiga olingan ob’yektlarning tarixiy qiyofasi va asliyatini saqlash, ularni noqonuniy o‘zgartirish hamda shikastlanishining oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil davom ettirilishini ma’lum qildi.











