Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi fermer xo‘jaligi hududida joylashgan sun’iy suv havzasida 14, 16 va 17 yoshli uch nafar qiz cho‘kib halok bo‘ldi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, fojia 17 iyul kuni soat 13:00 atrofida Paxtazor mahallasida sodir bo‘lgan.

Qizlar Mulla-Buloq fermer xo‘jaligi yer maydonida tomchilatib sug‘orish uchun qazilgan sun’iy suv hovuziga cho‘milish uchun tushgan. Oqibatda ularning barchasi cho‘kib halok bo‘lgan.

O‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilgan. Tuman sud-tibbiy ekspertiza bo‘limining dastlabki xulosasiga ko‘ra, o‘limga «yuqori nafas yo‘llarining suyuqlik suv bilan berkilishi natijasida mexanik asfeksiya» sabab bo‘lgan.

Hodisa yuzasidan Mirzacho‘l tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari o‘tkazilmoqda.