CleanTechnica ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki besh oyida BYD 1 million 249 ming 405 ta elektromobil sotgan. Garchi kompaniyaning Xitoy ichki bozoridagi savdolari davlat subsidiyalarining qisqarishi tufayli 22 foizga kamaygan bo‘lsa-da, xalqaro bozorlarda talabning ortishi umumiy natijalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

Ikkinchi o‘rinni egallagan Tesla hisobot davrida 595 ming 647 ta avtomobil sotgan. Shunga qaramay, Ilon Mask kompaniyasi Xitoy ishlab chiqaruvchilari uchun asosiy raqobatchi bo‘lib qolmoqda.

Xitoy brendlari bozorda ustunlik qilmoqda

Eng ko‘p sotilgan 20 ta elektromobil brendi reytingiga 11 ta Xitoy kompaniyasi kirdi. Ular orasida BYDdan tashqari Geely, Leapmotor, Wuling, Li Auto, Xiaomi, Zeekr, MG, Aion, AITO va Xpeng ham bor.

Ushbu 11 ta brend jami 3,13 millionga yaqin elektromobil sotgan bo‘lib, bu TOP-20 kompaniyalari sotgan avtomobillarning 64 foizini tashkil etgan.

Boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar ham kuchli natija ko‘rsatdi


Reytingda Xitoy brendlari va Tesla bilan bir qatorda qator xalqaro kompaniyalar ham yuqori o‘rinlarni egallagan. Jumladan:

Volkswagen - 215 489 ta;
BMW - 192 650 ta;
Toyota - 176 749 ta;
Kia - 169 019 ta;
Mercedes-Benz - 150 208 ta;
Audi - 138 006 ta;
Hyundai - 134 782 ta avtomobil sotgan.

Reytingga gibrid avtomobillar ham kiritilgan


Tadqiqot mualliflari reyting tuzishda to‘liq elektr quvvatida harakatlanuvchi avtomobillar bilan bir qatorda gibrid modellar ham hisobga olinganini ta’kidlagan.

Ekspertlar bahosiga ko‘ra, faqat to‘liq elektr avtomobillari hisoblangan taqdirda ham BYD yetakchilikni saqlab qolgan bo‘lar edi. Bu holatda kompaniya taxminan 557 ming, Tesla esa 406 ming to‘liq elektr avtomobilini sotgan.

Tahlillar jahon elektromobil bozorida Xitoy ishlab chiqaruvchilarining ta’siri tobora kuchayib borayotganini, ayniqsa BYD xalqaro maydonda asosiy yetakchiga aylanganini ko‘rsatmoqda.