2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi, deya ma’lum qildi prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi selektorda.
Davlat rahbariga ko‘ra, sanoatda 8 foiz, xizmatlarda 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish kuzatilgan.
Kuni kecha Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan Fiskal strategiyaga ko‘ra, yil yakuni bo‘yicha YaIM hajmi 8,1 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Bu – yil boshidagi prognoz keskin qayta ko‘rib chiqilganini ko‘rsatadi. 2026 yilgi davlat byudjyeti to‘g‘risidagi qonunda 6,6 foizlik o‘sish ko‘zda tutilgandi.
“YaIMning real o‘sishi 2027 yilda 6,9 foiz, 2028 yilda 7,1 foiz va 2029-yilda 7,4 foiz darajasida shakllanib, aholi jon boshiga YaIM hajmi 2027 yilgi 5 106 AQSh dollaridan 2029 yilga borib 6 203 AQSh dollarigacha oshishi prognoz qilinmoqda”, deyiladi fiskal strategiyada.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizga oshib, oxirgi yillardagi eng tez iqtisodiy o‘sish qayd etilgandi.
Bugun, 21 iyul kuni davlat rahbari raisligida birinchi yarim yillik natijalari va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Shavkat Mirziyoyev 40 millionli aholi hayotini yaxshilash uchun 9-10 foizli iqtisodiy o‘sish zarurligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, yilning birinchi yarmida yuqori o‘sish bilan birga, investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport esa 14,4 milliard dollarga yetgan.
Fitch va Moody’s xalqaro reyting agentliklari esa O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, har bir vazir va hokimning ishi odamlarning yashash madaniyatida sezilmasa, tadbirkorlarning og‘irini yengil qilmasa, bunday natija faqat “qog‘ozdagi raqam” bo‘lib qoladi.
Oylik, choraklik va yillik rejasini bajarmagan birorta vazir, hokim yoki tarmoq rahbari bunday sharoitda xotirjam ishlashga haqli emasligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.











