Samarqand viloyati Jomboy tumanida joylashgan Mingtepa arxeologik yodgorligida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar natijasida VIII asrning birinchi yarmiga mansub bo‘lgan ehtimoliy hukmdorlar saroyi majmuasining me’moriy qoldiqlari aniqlandi.

Qazishma ishlari Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimlari Amriddin Berdimurodov, Husniddin Rahmonov va Nigora Mahkamova tomonidan amalga oshirilmoqda.
Tadqiqotlar davomida yodgorlikning Ark (qal’a) qismida joylashgan saroy majmuasining me’moriy tuzilishi ochib berilgan. Arxeologlar fikricha, inshootning qurilish uslubi ilk o‘rta asrlar davri shaharsozligi, me’morchiligi hamda davlat boshqaruvi tizimini o‘rganish uchun muhim ilmiy manba hisoblanadi.

Qazishmalar jarayonida saroyning zal qismida VIII asrga oid haykaltaroshlik namunalari ham topilgan. Hozirda ushbu topilmalar yuzasidan ilmiy tadqiqotlar davom ettirilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi arxeologik topilmalar Mingtepa yodgorligining siyosiy va madaniy hayoti, shuningdek, ilk o‘rta asrlarda hududning tarixiy taraqqiyoti haqida yangi ilmiy xulosalar chiqarish imkonini beradi.












